Jazirama issiqda salomatlikka xavfli 5 ta mahsulot

Jazirama issiqda salomatlikka xavfli 5 ta mahsulot

Yoz faslida organizm yuqori harorat, kuchli terlash va suv-tuz muvozanatidagi o‘zgarishlarga moslashadi. Shu bois bu davrda iste’mol qilinadigan oziq-ovqatlar nafaqat quvvat manbai bo‘lishi, balki organizmga mavsumiy zo‘riqishlarni yengilroq yengishga ham yordam berishi kerak.

Mutaxassislar ayrim mahsulotlar issiq kunlarda charchoq, chanqoq, shish va hazm bilan bog‘liq noqulayliklarni kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Avvalo, mayonezli va tayyor salatlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim. Olive, qisqichbaqali salatlar, shuningdek tuxum, kolbasa, baliq va mayonez qo‘shilgan taomlar issiq havoda tez buziladi va zaharlanish xavfini oshiradi. Ular o‘rniga limon sharbati yoki o‘simlik yog‘i qo‘shilgan sabzavotli salatlarni tanlash tavsiya etiladi.

Qovurilgan yog‘li go‘shtlar va fastfudlar esa og‘irlik hissi, uyquchanlik va oshqozon bezovtaligini kuchaytirishi mumkin. Shuning uchun yozgi dasturxonda sabzavotlar, ko‘katlar va yetarli miqdordagi suv bo‘lishi muhim.

Gazlangan va shirin ichimliklar ham yozgi mavsumda eng yaxshi tanlov hisoblanmaydi. Ulardagi yuqori shakar miqdori qondagi glyukozani keskin oshirib, keyinchalik charchoq va yana shirinlik istagini keltirib chiqaradi. Mutaxassislar oddiy suv, mineral suv yoki shakarsiz uy sharoitida tayyorlangan limonadni afzal ko‘rishni maslahat beradi.

Kremli tortlar, pirojniylar va qaymoqli desertlar ham issiqda tez ayniydigan mahsulotlar qatoriga kiradi. Bunday shirinliklar o‘rniga rezavor mevalar, yogurt, tvorog yoki uyda tayyorlangan mevali muzqaymoq iste’mol qilish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, chips, tuzlangan baliq, kolbasa va dudlangan mahsulotlar kabi ortiqcha sho‘r taomlar chanqoq va shishlarni kuchaytiradi. Yoz faslida ratsionga yangi sabzavotlar, ko‘katlar, mevalar va yetarli miqdordagi suvni ko‘proq kiritish tavsiya etiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yozda qat’iy parhez qilish shart emas. Biroq tez buziladigan, hazmni og‘irlashtiradigan va organizmda suv ushlanib qolishiga sabab bo‘ladigan mahsulotlar miqdorini kamaytirish sog‘liq uchun foydali hisoblanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar