Netflix Osiyoda yangilangan mobil ilova va bolalar oʻyinlarini kengaytirmoqda

Netflix kompaniyasi oʻzining mobil va oʻyin yoʻnalishidagi faoliyatini kuchaytirmoqda. Yaqinda boʻlib oʻtgan APAC Product Innovation Showcase tadbirida kompaniya Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi qoʻshimcha bozorlar uchun yangilangan mobil interfeysni taqdim etish hamda bolalar uchun moʻljallangan Netflix Playground oʻyin platformasini kengaytirish rejalarini maʻlum qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yil boshida Avstraliya, Yangi Zelandiya, Filippin, Hindiston va Malayziyada muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan yangi dizayn iyul oyida Janubiy Koreya va Yaponiyada ham ishga tushiriladi. Yangilanishning asosiy qismi boʻlgan “Clips” funksiyasi foydalanuvchilarga qisqa formatdagi vertikal videolarni tomosha qilish imkonini beradi. Bu toʻliq metrajli film yoki serial koʻrishga vaqti kam boʻlgan tomoshabinlar uchun qulay yechim boʻlishi kutilmoqda.
Shuningdek, Netflix ushbu konsepsiyani yanada rivojlantirib, mavzuli “Clips” toʻplamlarini sinovdan oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Ushbu toʻplamlar foydalanuvchining kayfiyati, qiziqishlari va janrlarga qarab saralanadi. Unda realiti-shoulardan eng yorqin lahzalar, sahna orti jarayonlari va podkastlardan qiziqarli parchalar joy oladi.
Oʻyin sohasida esa kompaniya Netflix Playground loyihasiga alohida eʻtibor qaratmoqda. Platformaga mashhur “KPop Demon Hunters” animatsion musiqiy filmi asosidagi oltita mini-oʻyin qoʻshiladi. Maʻlumotlarga koʻra, ushbu multfilm dastlabki olti oy ichida 518 milliondan ortiq koʻrishlar sonini qayd etib, Netflix tarixidagi eng muvaffaqiyatli animatsion loyihalardan biriga aylandi.
Netflix Playground ilk bor aprel oyida AQSH, Kanada va Buyuk Britaniyada ishga tushirilgan edi. Endilikda kompaniya ushbu tajribani global miqyosda yoyish orqali oilaviy auditoriyani oʻz platformasida uzoqroq ushlab qolishni koʻzlamoqda.































Izohlar 0
…