Tether va Gruziya lari kursiga bogʻlangan GELT steyblkoinini chiqaradi

Dunyoning eng yirik steyblkoin emitenti Tether kompaniyasi Gruziya hukumati bilan hamkorlikda milliy valyuta — lari kursiga bogʻlangan yangi “GELT” raqamli aktivini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Ushbu loyiha mamlakatning raqamli aktivlar boʻyicha yangi qonunchilik bazasi doirasida amalga oshiriladi. Tether vakillarining soʻzlariga koʻra, GELT steybkloini Gruziyada transchegaraviy savdo va raqamli toʻlovlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Gruziya hukumati soʻnggi vaqtlarda raqamli aktivlar va steyblkoinlar uchun qatʼiy qoidalarni ishlab chiqish ustida faol ish olib bormoqda. Mazkur tartibga solish tizimi rezervlarni boshqarish, aktivlarni qaytarib olish huquqi, emitentlar ustidan nazorat va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash (AML) talablarini oʻz ichiga oladi. Gruziya Milliy banki mart oyida “barqaror virtual aktivlar” uchun toʻliq rezerv taʼminoti va tashqi auditorlik tekshiruvi kabi talablarni eʼlon qilgan edi.
Gruziya Bosh vaziri Irakli Kobakhidze Tether bilan hamkorlik yanada shaffof va oʻzaro bogʻlangan moliyaviy dunyo poydevorini yaratishga yordam berishini taʼkidladi. Milliy bank prezidenti Natia Turnava esa ushbu hamkorlikni mamlakatning raqamli moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish strategiyasining muhim qismi sifatida olqishladi. Hozircha GELT loyihasining aniq ishga tushish muddati va rezervlar qayerda saqlanishi haqida batafsil maʼlumot berilmagan.
Yangi qoidalarga koʻra, Gruziyada steyblkoinlarni chiqarish uchun Milliy bankning yozma roziligi talab etiladi. Shuningdek, barcha muomaladagi steyblkoinlar likvidlik va kredit sifati talablariga javob beradigan rezerv aktivlari bilan 100 foiz taʼminlangan boʻlishi shart. Bu chora-tadbirlar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va xalqaro standartlarga muvofiqlikni taʼminlashga qaratilgan.
GELT loyihasi Tether kompaniyasining USDTʼdan tashqari boshqa milliy valyutalarga bogʻlangan aktivlari qatoriga qoʻshiladi. Kompaniya avvalroq Meksika pesosi (MXNT) va offshor Xitoy yuani (CNHT) kursiga bogʻlangan tokenlarni chiqargan edi. Shuningdek, 2024-yilda Birlashgan Arab Amirliklari dirhamiga bogʻlangan yangi steyblkoin chiqarilishi ham rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!