Justin Sun boshqaruvidagi HTX birjasi Trump oilasining USD1 tokenini oʻchirdi

Kripto-tadbirkor Justin Sun bilan bogʻliq boʻlgan HTX kriptovalyuta birjasi Donald Trump oilasiga tegishli World Liberty Financial (WLFI) loyihasining USD1 steyblkoinini oʻz platformasidan olib tashladi. Ushbu qarorga WLFI jamoasi birjaning on-cheyn manzillarini bir tomonlama muzlatib qoʻygani sabab boʻlgan. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
HTX bayonotiga koʻra, World Liberty Financial sanksiyalarga rioya qilish tekshiruvlari doirasida birja manzillarini bloklagan. Bunga javoban HTX foydalanuvchilar aktivlarini himoya qilish maqsadida USD1 savdosini toʻxtatishga qaror qildi. Avvalroq Buyuk Britaniya HTX (sobiq Huobi Global) platformasini Rossiya hukumatiga moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda gumon qilib, sanksiyalar roʻyxatiga kiritgan edi.
Hozirda birjada USD1 depozit va konvertatsiya xizmatlari toʻxtatilgan. Foydalanuvchilarning hisobidagi USD1 aktivlari 1:1 nisbatda Tether (USDt) steyblkoiniga almashtiriladi. Shuningdek, WLFI/USDT, USD1/USDT, BTC/USD1 va ETH/USD1 kabi savdo juftliklari ham faoliyatini toʻxtatdi.
HTX rahbariyati WLFI harakatlarini huquqiy asossiz va shaffoflikdan yiroq deb atadi. Birja oʻz foydalanuvchilarining manfaatlarini himoya qilish uchun huquqiy choralar koʻrishini maʻlum qildi. Donald Trump va uning oʻgʻillari maslahatchi sifatida ishtirok etayotgan World Liberty Financial loyihasi esa hozircha ushbu vaziyat boʻyicha rasmiy izoh bermadi.

























Izohlar 0
…