Kelp DAO 293 million dollarlik xakerlik hujumidan soʻng rsETH aktivini tikladi

Kelp DAO 293 million dollarlik xakerlik hujumidan soʻng rsETH aktivini tikladi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Ethereum tarmog'idagi likvid staking protokoli bo'lgan Kelp DAO Shimoliy Koreyaning Lazarus Group guruhi amalga oshirgan 293 million dollarlik xakerlik hujumidan keyin rsETH aktivining to'liq tiklanganini e'lon qildi.
  • Besh hafta davom etgan tiklash jarayoni yakunida 20 373,7 rsETH tokenlarining oxirgi qismi LayerZero smart-kontraktiga o'tkazildi va bu rsETH aktivini qayta tiklash rejasining operatsion qismi tugaganini bildiradi.

Ethereum tarmogʻidagi likvid staking protokoli Kelp DAO, 18-aprel kuni Shimoliy Koreyaning Lazarus Group guruhi tomonidan amalga oshirilgan 293 million dollarlik hujumdan soʻng, rsETH tokenining toʻliq tiklanganini eʼlon qildi. Besh hafta davom etgan tiklash jarayoni yakunida 20 373,7 rsETH tokenlarining oxirgi qismi LayerZero smart-kontraktiga oʻtkazildi. Bu rsETH aktivini qayta tiklash rejasining operatsion qismi yakunlanganini anglatadi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.

DeFi United tashabbusi doirasida bir nechta kripto protokollar rsETH zaxiralarini toʻldirish uchun mablagʻ ajratdi. Aprel oyidagi ushbu xakerlik hujumi butun kripto kreditlash bozoriga salbiy taʼsir koʻrsatib, milliardlab dollar likvidlikni izdan chiqardi va markazlashmagan moliya (DeFi) protokollarining oʻzaro bogʻliqligi bilan bogʻliq xavotirlarni yana bir bor kun tartibiga chiqardi.

Hujumdan eng koʻp zarar koʻrgan platformalardan biri Aave boʻldi. Xaker oʻgʻirlangan 116 500 rsETH ning katta qismini garov sifatida qoʻyib, wrapped Ether qarz olgan. Natijada platformada 190 million dollarlik "yomon qarz" yuzaga keldi va foydalanuvchilar oʻz mablagʻlarini ommaviy ravishda yechib ola boshladi. Bu voqea Aave platformasidagi jami bloklangan qiymatning (TVL) 26,4 milliard dollardan 14 milliard dollargacha tushib ketishiga sabab boʻldi.

Kelp DAO vakillarining soʻzlariga koʻra, rsETH tokenlarini zarb qilish (mint), qaytarib sotib olish va mukofotlash operatsiyalari endilikda normal tartibda ishlamoqda. May oyi oʻrtalaridan boshlab Ethereum asosiy tarmogʻi va Layer 2 tarmoqlari oʻrtasidagi rsETH koʻpriklari qayta ochilgan edi.

DefiLlama maʼlumotlariga koʻra, aprel oyi kripto olami uchun eng ogʻir oylardan biri boʻldi — jami 630 million dollar mablagʻ oʻgʻirlandi. Aave platformasidan mablagʻlarning chiqib ketishi sekinlashgan boʻlsa-da, uning TVL koʻrsatkichi hali ham 14-15 milliard dollar atrofida saqlanib qolmoqda va inqirozdan oldingi darajaga qaytgani yoʻq.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar