Rizqni keng bo‘lishiga sabab bo‘luvchi yetti omilni keltirib o‘tamiz.
Birinchisi, istig‘forni ko‘paytirish.
Dalil: Alloh taolo Qur’oni karimda payg‘ambarimiz alayhissalomga Nuh alayhissalom haqida xabar berib aytadi:
“Bas, dedimki: «Rabbingizdan mag‘firat so‘rangiz! Albatta, U (bandalariga nisbatan) o‘ta kechirimli zotdir.
(Shunda, ya’ni istig‘for aytsangiz) ustingizga osmondan (barakali) yomg‘ir yog‘dirur, sizlarga mol-dunyo, farzandlar bilan madad berur hamda sizlarga bog‘lar (barpo) qilur va sizlarga anhorlarni (ato) qilur”.
Rivoyat qilinadiki, kunlarning birida hazrati Umar roziyallohu anhu yurtga yomg‘ir so‘rash uchun minbarga ko‘tarildilar. U yerda istig‘for aytib, istig‘for haqida kelgan oyatlarni o‘qidilar. U zot o‘qigan oyatlar ichida yuqorida zikr etilgan oyat ham bor edi. So‘ngra insonlarga qarab: «Men ular o‘qilishi sababli yomg‘irlar yog‘adigan oyatlarni o‘qidim», deb aytgan ekanlar.
Imom Ahmad Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom aytdilar: «Kimki istig‘forni ko‘paytirsa, Alloh taolo uning barcha g‘amlarini xursandchilikka aylantiradi va har qanday qiyinchilikdan chiqish yo‘lini ko‘rsatadi hamda uni o‘ylamagan tomonidan rizqlantiradi».
Ikkinchisi, go‘zal taqvo qilish.
Dalil: Alloh taolo “Taloq” surasida marhamat qilib aytadi:
Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur.
Imom Tabaroniy Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom aytdilar: “Mening qalbimga Jabroil alayhissalom: «Hech bir jon rizqini to‘liq olib, umrini to‘liq yashamaguncha vafot topmaydi», deb vahiy qildi. Bas, Alloh taologa taqvo qilinglar va (rizqni halol yo‘l bilan) go‘zal talab qilinglar. Birortangiz rizqi kechikkani sababli uni gunoh yo‘li bilan talab qilmasin. Chunki (dunyo va oxiratdagi) Alloh taoloning ne’matlariga faqatgina toat yo‘li bilan yetiladi”.
Uchinchisi, Allohga haqiqiy tavakkul qilish.
Dalil: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: «Agar siz Allohga haqiqiy tavakkal qilsangiz, tongda oshqozoni bo‘sh, kechqurun qorni to‘q bo‘lgan qushni rizqlantirgani kabi sizlarni ham rizqlantirar edi», deb aytganlar.
Hotam al-Asom aytadi:
Allohga tavakkal qilishda ishimni to‘rtta xislatga bino qildim:
- Rizqimni mendan boshqa hech kim yeya olmasligini bilgach, nafsim xotirjam bo‘ldi.
- Mening amalimni o‘zimdan boshqa hech kim qilmasligini bildimu, amalimga mashg‘ul bo‘ldim.
- O‘limim to‘satdan kelishini bilib, u tomon shoshilmoqdaman.
- Qaerda bo‘lsam ham Alloh azza va jallaning nazaridan qochib qutula olmasligimni bilgach, U zotdan hayo qiluvchiman.
To‘rtinchisi, har kecha “Voqea” surasini o‘qish.
Dalil: buyuk tarixchi Hofiz ibn Asokir Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu hayoti haqida quyidagi rivoyatni keltiradi:
“Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu vafotiga sabab bo‘lgan kasallik paytida huzuriga Usmon ibn Affon roziyallohu anhu ziyorat qilib kirib keldi. Abdullohning ziyoratiga kelgan xalifa undan hol-ahvol so‘radi:
- Nimalardan shikoyat qilasiz?
- Gunohlarimdan, - dedi xasta.
- Ko‘nglingiz nimani tusaydi?
- Robbimning rahmatini.
- Yig‘ilib qolgan maoshlaringizni opkeltirib beraymi? Axir necha yildan beri sariq chaqa ham olmaysiz!
- Endi menga uning keragi yo‘q!
- Hech bo‘lmasa sizdan keyin qizlaringizga qolar?!
- Qizlarimni faqir bo‘lib qolishlaridan qo‘rqyapsizmi? Men ularga har oqshom «Voqea» surasini o‘qishni buyurganman... Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytgandilarki «Kimki har oqshom “Voqea” surasini o‘qishni odat qilsa, aslo muhtojlik ko‘rmagay».
Beshinchisi, Nabiy alayhissalomga salovotni ko‘paytirish.
Dalil: Imom Termiziy Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot aytadi:
“Kechaning uchdan ikki qismi o‘tganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turib, «Ey odamlar, Allohni zikr qilinglar! Allohni zikr qilinglar! Rojifa keldi, ketidan Rodifa keladi. O‘lim bor bo‘yicha keldi! O‘lim bor bo‘yicha keldi!» dedilar. «Ey Allohning Rasuli, men sizga ko‘p salavot aytaman. Ularning qanchasini sizga ajratayin?» dedim. U zot: «Istaganingcha», dedilar. «To‘rtdan birinimi?» dedim. U zot: «Xohishing, lekin bundan ko‘paytirsang, o‘zingga yaxshi», dedilar. «Yarminimi?» dedim. U zot: «Xohishing, lekin bundan ko‘paytirsang, o‘zingga yaxshi», dedilar. «Uchdan ikkisinimi?» dedim. U zot «Xohishing, lekin bundan ko‘paytirsang, o‘zingga yaxshi», dedilar. «Unda barchasini sizga ajrataman», degan edim, «Unday bo‘lsa, g‘amlaring ariydi, gunohlaring kechiriladi», dedilar».
Ibn Hajar ushbu hadis sharhida: «Unday bo‘lsa, g‘amlaring ariydi», degan o‘rindagi «g‘am» so‘zi insonning dunyo va oxiratda yetishishga intilgan barcha narsalarini o‘z ichiga qamrab oladi”, deb aytganlar.
Oltinchisi, rizqni ko‘paytirish borasida kelgan duolar bilan duo qilish.
Ibn Sunniy hazrati Ibn Umardan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: “Sizlarning biringiz hayotida (rizqdan) qiyinchilikka uchrasa uyidan chiqishida: «Jonim, molim va dinim borasida Allohning nomi bilan. Ey Robbim, meni taqdiringga rozi qil va menga berishni taqdir qilgan narsalaringa barakot ber. Toinki men kechiktirganingni tezroq kelishini va taqdim qilgan narsangni kechikishini hohlamay», deb aytsin”, dedilar.
Yettinchisi, ota-onaning haqqiga duo qilish.
Dalil: Imom Suyutiy Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: «Qachonki kishi ota-onasining haqqiga duo qilishni tark qilsa, undan rizqi kesiladi», deb aytganlar.
Azizbek Boqiev,
Mir Arab oliy madrasasi mudarrisi.
Rojifa – Qiyomat kuni surning birinchi chalinishi, bunda barcha maxluqotlar halok bo‘ladi.
Rodifa – Qiyomat kuni surning ikkinchi chalinishi, bunda barcha maxluqotlar qayta tiriladi
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)