Vataru Endo jarohat sabab Yaponiya terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi

Yaponiya terma jamoasi sardori Vataru Endo kutilmagan qaror qabul qildi. Liverpul yarim himoyachisi surunkali jarohati sababli 2026-yilgi Jahon chempionati qaydnomasidan oʻrin olmasligini va xalqaro faoliyatini butunlay yakunlashini eʻlon qildi. Shimoliy Amerikada boʻlib oʻtadigan turnirgacha tiklanishga ulgurmagan futbolchi oʻz oʻrnini yoshlarga boʻshatib berishga qaror qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
33 yoshli futbolchi fevral oyida Angliya Premer-ligasi doirasidagi "Sanderlend"ga qarshi oʻyinda oyogʻidan jiddiy jarohat olgan edi. Shundan soʻng u uzoq vaqt reabilitatsiya jarayonini oʻtadi. Garchi Liverpul tarkibida mavsumning soʻnggi oʻyinida zaxira oʻrindigʻiga qaytgan boʻlsa-da, terma jamoa yigʻiniga qoʻshilgach, yuqori darajada oʻynashga tayyor emasligi maʻlum boʻldi.
Endo oʻz bayonotida terma jamoadan ketishi ogʻir boʻlganini, biroq jamoaning kelajagiga ishonishini taʻkidladi. "Jarohatdan soʻng safga qaytish uchun qoʻlimdan kelgan barcha ishni qildim, shuning uchun afsusda emasman. Jahon chempionatida qatnasholmasligim alamli, lekin Qatardagi mundialdan keyin jamoamiz qanchalik oʻsganidan faxrlanaman", — dedi yarim himoyachi.
Sobiq "Shtutgart" aʻzosi endilikda Yaponiya terma jamoasining oddiy muxlisiga aylanishini bildirdi. U jamoadoshlarini qoʻllab-quvvatlashga va yapon xalqini jamoa atrofida birlashishga chaqirdi. Endo Yaponiya baribir kun kelib Jahon chempioni boʻlishiga ishonishini qoʻshimcha qildi.































Izohlar 0
…