Qozog‘istonlik ekspert O‘zbekiston futbolining muvaffaqiyati sirini ochdi

Jahon chempionati start oldi va butun Markaziy Osiyo muxlislarining nigohi tarixda ilk bor mundial final bosqichida ishtirok etayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qaratilgan. “Oq bo‘rilar”ning bu katta sahnaga chiqishi nafaqat yurtimiz, balki qo‘shni davlatlar futbol jamoatchiligida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Qozog‘iston Professional futbolchilar uyushmasi boshqaruvi raisi Oljas Abrayev jurnalistlar bilan suhbatda O‘zbekiston terma jamoasining so‘nggi yillardagi o‘sishi, jahon chempionatiga chiqish sabablari va debyut mundialdagi imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.
2026 yilgi Jahon chempionati tarixda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirokida o‘tkazilmoqda. Bu format bir qator mamlakatlarga katta sahnaga chiqish imkonini berdi. Turnir debyutantlari orasida Iordaniya, Kabo-Verde, Kyurasao va O‘zbekiston milliy terma jamoalari ham bor.
O‘zbekiston terma jamoasi “K” guruhidan joy olgan. Fabio Kannavaro shogirdlari guruh bosqichida Portugaliya, Kolumbiya va Kongo Demokratik Respublikasi kabi kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushadi. Bu kvartet oson emas, ammo milliy jamoamiz uchun tarixiy imkoniyat hisoblanadi.
Oljas Abrayevning fikricha, O‘zbekistonning Jahon chempionatiga yo‘llanma olishi tasodif emas. U bu natijani so‘nggi yillarda mamlakat futbolida olib borilgan tizimli ishlar, rejali rivojlanish va infratuzilmaga qaratilgan e’tiborning mantiqiy samarasi sifatida baholadi.
“Bu mutlaqo qonuniy natija. Qo‘shnilarimizda rivojlanish strategiyasi bor va ular unga izchil amal qilmoqda. Barcha qadamlar mamlakat futbolida tizimli rivojlanishga qaratilgan bo‘lib, mantiqiy va puxta o‘ylangan ko‘rinadi”, — dedi Oljas Abrayev.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda futbol rivoji faqat milliy terma jamoa natijalari bilan cheklanib qolmagan. So‘nggi yillarda infratuzilma, bolalar-o‘smirlar futboli, yangi stadionlar va yoshlar jamoalariga alohida e’tibor qaratilgan.
“Aynan shu ishlar o‘z samarasini bera boshladi. O‘zbekiston yoshlar jamoalari xalqaro maydonda muntazam ravishda jiddiy muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Masalan, 17 va 20 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalar ko‘pincha jahon chempionatlarining final bosqichlarida ishtirok etadi”, — dedi u.
Haqiqatan ham, O‘zbekiston yoshlar futboli so‘nggi yillarda o‘zini xalqaro maydonda yaxshi tomondan ko‘rsatib kelmoqda. Turli yosh toifalaridagi terma jamoalarning Osiyo va jahon miqyosidagi natijalari milliy jamoa uchun mustahkam poydevor yaratdi. Bugungi asosiy terma jamoa muvaffaqiyati ham ana shu uzoq yillik mehnatning davomi sifatida ko‘rilmoqda.
Abrayevning aytishicha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rivojlanishda to‘g‘ri yo‘nalishni tanlagan. Avvalo bolalar futboli, infratuzilma va tayyorgarlik tizimiga e’tibor qaratilgani bugun o‘z natijasini bermoqda.
“O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi asos sifatida infratuzilma va bolalar-o‘smirlar futboliga e’tibor qaratdi. So‘nggi bir necha yil ichida mamlakatda yetarlicha yangi stadionlar qurildi, bolalar futboli rivojiga alohida ahamiyat berilmoqda”, — dedi mutaxassis.
Qozog‘istonlik ekspert obyektiv omillarga ham to‘xtaldi. Uning fikricha, O‘zbekistonning iqlimi futbol rivoji uchun qulay. Yil davomida tabiiy maydonlarda mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyati yosh futbolchilarning shakllanishiga ijobiy ta’sir qiladi.
“O‘zbekiston iqlimi yil davomida tabiiy maydonlarda futbol bilan shug‘ullanish imkonini beradi. Yosh futbolchilarning raqobat kuchli bo‘lgan chempionatlarga yo‘l olayotgani ham futbol rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tizimlilik — muvaffaqiyat sari yo‘ldir”, — deb hisoblaydi Abrayev.
Bu fikrda jon bor. Bugun O‘zbekiston futbolchilari Yevropa, Osiyo va boshqa kuchli chempionatlarda o‘zini ko‘rsatmoqda. Abduqodir Husanov, Abbosbek Fayzullayev, Eldor Shomurodov, Oston O‘runov kabi futbolchilarning xalqaro tajribasi milliy jamoa saviyasini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Abrayev alohida ravishda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatovning mehnatini ham ta’kidladi. Uning fikricha, O‘zbekiston futbolidagi bugungi natijalarda Irmatovning tajribasi, bilimi va boshqaruvchilik salohiyati katta o‘rin tutadi.
“Bu yutuqlarda Ravshan Irmatovning ham ulkan hissasi bor. Ravshan Sayfiddinovich katta tajribaga va futbolni chuqur bilishga ega menejerdir. U o‘zini bilimdon va yuqori malakali mutaxassis sifatida namoyon qilgan”, — dedi Qozog‘iston Professional futbolchilar uyushmasi boshqaruvi raisi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun endi eng muhim bosqich boshlanmoqda. Yo‘llanma qo‘lga kiritildi, tarix yozildi, ammo mundialdagi haqiqiy sinovlar endi oldinda. Jamoa guruhda juda kuchli raqiblarga qarshi o‘ynaydi va har bir uchrashuvda maksimal konsentratsiya talab etiladi.
“Oq bo‘rilar” Jahon chempionatidagi ilk o‘yinini 18 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 7:00 da Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Luis Dias va Xames Rodriges yetakchiligidagi janubiy amerikaliklar texnik va tezkor futbol namoyish etadigan jamoa sifatida yaxshi tanilgan.
Ikkinchi turda O‘zbekiston 23 iyun kuni soat 22:00 da Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya bilan kuch sinashadi. Bu uchrashuv muxlislar uchun alohida qiziq bo‘lishi aniq. Guruhdagi so‘nggi bahs esa 28 iyun kuni soat 4:30 da Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘tkaziladi.
Qozog‘istonlik ekspertning fikrlari O‘zbekiston futboliga qo‘shni mamlakatlarda ham jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, bu muvaffaqiyat tasodif emasligi, ortida yillar davomidagi tizimli mehnat turgani alohida ta’kidlanmoqda.
Endi milliy jamoamiz oldida yangi vazifa turibdi — Jahon chempionatida o‘zini munosib ko‘rsatish. O‘zbekiston mundialga ilk bor chiqdi, ammo bu sahnaga tasodifan kelmadi. Bu yo‘l mehnat, reja, sabr va futbolga bo‘lgan ishonch bilan bosib o‘tildi.
Muxlislar esa bir narsani kutishmoqda: maydonda oxirigacha kurashadigan, yurt sharafini munosib himoya qiladigan va butun Markaziy Osiyoga g‘urur bag‘ishlaydigan O‘zbekiston terma jamoasini.






























Izohlar 0
…