Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatida qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Ellikqalʼa tuman bo‘limi tomonidan olingan tezkor maʼlumotlarga asosan DXX va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda “Kichik Guldirsin” MFYdagi xonadonlardan birida yashovchi S.A. o‘z uyida alkogol mahsulotlari ishlab chiqarayotgani aniqlanib, ushbu xonadondan 2 157 dona “Russkaya vodka” nomli qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsuloti, 865 dona qalbaki aksiz marka, 160 litr spirt, 21 190 dona bo‘sh shisha idishlar va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xuddi shunday, departamentning Beruniy tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Z.A. o‘z uyida alkogol mahsuloti ishlab chiqarayotgani aniqlanib, qo‘lbola usulda tayyorlangan 120 dona “Qaratau” nomli alkogol mahsuloti, 120 litr spirt va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar A.A. va A.T. qo‘lbola usulida yasalgan 480 dona “Shahrisabz arog‘i” nomli alkogol mahsulotini fuqaro B.K.ga o‘tkazish maqsadida olib kelgan vaqtda ushlanib, jami 588 dona qalbaki alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (Etil spirti, alkogolli va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring