date

Bolgariyada halok bo‘lgan talaba jasadi Vatanga qaytarildi

Bolgariyada halok bo‘lgan talaba jasadi Vatanga qaytarildi

Bolgariyaning Sozopol shahrida suvga cho‘kib halok bo‘lgan o‘zbekistonlik 22 yoshli talaba va Turkiyada turli sabablar bilan vafot etgan yana besh nafar fuqaroning jasadlari yurtimizga olib kelindi. Bu haqida O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.

Rasmiy xabarda ta’kidlanishicha, faqat jasadlarni qaytarish bilan cheklanilmagan. Konsulxona Turkiyada turli sabablarga ko‘ra og‘ir ahvolga tushgan yurtdoshlarga ham amaliy yordam ko‘rsatdi. Xususan, shifoxonalarda davolanish jarayonida katta qarzga botayotgan 12 nafar o‘zbekistonlikka maxsus chegirmalar berilib, ularning mamlakatga qaytishiga shart-sharoit yaratilgan.

Shuningdek, hujjatsiz qolgan 27 nafar fuqaroga ham ko‘mak berilib, zarur hujjatlar rasmiylashtirilishi ta’minlangani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 7 avgust kuni 22 yoshli talaba do‘stlari bilan Sozopol shahrida dengizga cho‘milishga borib, suv oqimiga tortib ketgani xabar qilingandi. O‘sha kundan boshlab qutqaruv xizmati xodimlari uni izlashga kirishgan. Biroq jasadni topish oson kechmadi.

Faqat ikki kun o‘tgach, ya’ni 9 avgust kuni uni suv ostidagi katta qoyatoshlar orasidan topishdi. Ma’lum bo‘lishicha, tanasi qoyalar orasiga tiqilib qolgani uchun qutqaruvchilar uni chiqara olmagan. Hatto maxsus texnika va ko‘p soatlik harakatlarga qaramasdan, natija bermagan.

Nihoyat, 9 soatdan ortiq izlanishlardan so‘ng talaba jasadini qutqaruvchilar emas, balki uning o‘zbek, qirg‘iz va moldovalik do‘stlari topib, qoyalar orasidan olib chiqishgan.

Bu fojiali voqea nafaqat yurtdoshlarimizni, balki butun ijtimoiy tarmoqlardagi minglab insonlarni ham qattiq iztirobga soldi. Ota-onasi uchun esa bu xabar og‘ir dard bo‘ldi.

Hozirda yurtimizga qaytarilgan jasadlar marhumlarning oilalariga topshirildi. Jamoatchilik esa bunday holatlar yana takrorlanmasligi uchun xorijda ta’lim olayotgan yoshlarga xavfsizlik va ehtiyot choralariga qat’iy rioya etish zarurligini ta’kidlamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bolgariyada halok bo‘lgan talaba jasadi Vatanga qaytarildi