MrBeast Samarqanddagi voqeadan keyin O‘zbekistondan ketib qoldimi?

MrBeast Samarqanddagi voqeadan keyin O‘zbekistondan ketib qoldimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda mashhur amerikalik bloger MrBeast Samarqandda muxlislar to‘planishi ortidan xavfsizlik sabab O‘zbekistonni tark etgani haqida xabarlar tarqaldi. Hatto CNN telekanalining Instagram sahifasida ham Samarqanddan olingan kadrlar e’lon qilinib, bloger jamoasi safarni bekor qilishi mumkinligi aytildi. Ammo O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ushbu xabarlarga rasmiy izoh berdi.

Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, Jimmi Donaldsonning O‘zbekistonga tashrifi boshidanoq Toshkent va Samarqand shaharlarini qamrab olishi rejalashtirilgan. Safar dasturi MrBeast jamoasi bilan oldindan kelishilgan va tasdiqlangan jadval asosida tashkil etilgan.

Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, tashrif dasturidagi hech bir band bekor qilinmagan. Blogerning O‘zbekistondan jo‘nab ketish sanasi ham avvaldan belgilangan bo‘lgan. Shuningdek, suratga olish guruhining boshqa a’zolari rejaga muvofiq mamlakatning boshqa hududlarida tasvirga olish ishlarini davom ettirmoqda.

Jamg‘arma Toshkent va Samarqand aholisi hamda mehmonlariga MrBeast va uning jamoasini iliq kutib olgani uchun minnatdorlik bildirgan. Tashrifga oid qo‘shimcha ma’lumotlar rasmiy kanallarda e’lon qilinib borilishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, MrBeast 9 oktyabr kuni O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ommaviy tadbir doirasida Toshkentga kelgan edi.

Jimmi Donaldson YouTube'dagi yirik budjetli videolari, turli musobaqalari va katta pul mukofotlari bilan mashhur. Uning kanallariga jami 500 milliondan ortiq foydalanuvchi obuna bo‘lgan. Bloger xayriya loyihalaridagi ishtiroki bilan ham tanilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar