Surayyo Qosimova: “19 yildan beri ijarada yashayman” (video)

Yaqinda xonanda Surayyo Qosimova videomurojaati orqali sog‘lig‘i sabab ijodida biroz tanaffus qilishi haqida ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik. Dilmurod ismli bloger xonandaning holidan xabar olish uchun uning xonadoniga bordi.
Suhbat davomida bloger Surayyo Qosimovadan sog‘lig‘idagi muammo haqida so‘radi. Xonanda jinsiy tomondan o‘simta aniqlanganini ma’lum qildi.
Suhbatda uning oilaviy hayoti ham tilga olindi. Bloger xonandadan turmush o‘rtog‘i bor-yo‘qligini va hozir qayerdaligini so‘radi.
“Bor, lekin bizni tashlab ketdi. Narsalarini yig‘ishtirib, ketdi”, — dedi Surayyo Qosimova.
Bloger xonandadan tanishlari va yaqinlari haqida ham so‘radi. Bunga javoban san’atkor so‘nggi bir yarim yil ichida hayotida ko‘plab sinovlar bo‘lganini aytdi.
“Tanishlar, do‘stlar ko‘p edi. Mana shu bir yarim yil ichida boshimga juda ko‘p ishlar tushdi. Tashvishlar, ayriliqlarni ko‘rdim. O‘shanda hamma o‘zi bilan o‘zi ovora ekanini bildim. Ko‘p tanishlar eshigini yopishdi”, — dedi xonanda.
Surayyo Qosimova farzandlari hali yosh ekanini, ularni o‘qitib, oyoqqa turg‘izishi va kelgusida ham xalqqa xizmat qilishni davom ettirish niyatida ekanini ta’kidladi.
“Farzandlarim hali kichkina. Ularni o‘qitishim, oyoqqa qo‘yishim kerak. Xalqqa xizmat qilishim kerak. Mening rejalarim ko‘p. Men sahnaga ko‘z uchida qaramaganman. Men sahnani juda keng olganman. Men xalqqa xizmat qilishim kerak”, — dedi u.
Xonanda o‘z dardi bilan hech kimning rahmini keltirishni istamasligini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hayotidagi ko‘plab og‘ir kechinmalar va sinovlar ijodida ham aks etgan.
Suhbat davomida bloger xonandaning sog‘lig‘idan tashqari, uy-joy masalasiga ham e’tibor qaratdi. Ma’lum bo‘lishicha, Surayyo Qosimova uzoq yillardan beri ijarada yashab kelmoqda.
“Dilmurod, men ijarada turaman, o‘n to‘qqiz yildan beri”, — dedi xonanda.
Bloger uning gapini aniqlashtirib, “O‘n to‘qqiz yildan beri ijarada turasizmi?” deya so‘radi.
“Agar siz ijarada yashab ko‘rmagan bo‘lsangiz, baribir tushunmaysiz. Ijarada yashash qanchalik qiyinligini ijarada yashagan odam biladi”, — deya javob berdi Surayyo Qosimova.
Blogerning ushbu videomurojaatidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda xonandaga dalda beruvchi izohlar ko‘paydi. Ko‘plab kuzatuvchilar Surayyo Qosimovaga tezroq sog‘ayib ketishini tilab, unga Allohdan shifo so‘rab, yaxshi tilaklarini yo‘lladi.






























Izohlar 0
…