Eldor Shomurodov o‘zini haqorat qilgan muxlisiga joyida javob qaytardi (video)

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov "Nima gap?" ko‘rsatuvida ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini haqorat qilgan muxlisi bilan bog‘liq qiziqarli voqeani so‘zlab berdi.
Futbolchining aytishicha, Kanada safaridan qaytgach, Instagram sahifasiga kirganida izohlardan birida muxlislardan biri uni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilganini ko‘rgan. Shomurodov izoh egasining Telegram manzili ham ochiq turganini payqab, unga qo‘ng‘iroq qilishga qaror qilgan.
“Telegramdan qo‘ng‘iroq qildim, lekin ko‘tarmadi. Keyin u 'Kim bu?' deb yozdi. Men esa: 'Telefonni ko‘tarsangiz aytaman. Internetda bemalol so‘kib yozarkansiz, balki shu gaplarni o‘zimga ham aytarsiz', deb yozdim”, — deydi Shomurodov.
"Keyin u kulib: 'Rostdan ham Eldor Shomurodovmisan?' deb so‘radi. Men esa: 'Ishonmayotgan bo‘lsang, telefonni ko‘tar', deb yozdim. Qo‘ng‘iroqni qabul qildi, ammo avvaliga indamadi", — dedi jamoa sardori.
Shundan so‘ng futbolchi videoqo‘ng‘iroq qilgan. Eldorni ekranda ko‘rgan muxlis esa hayratini yashira olmagan.
“Voy, aka, shokdaman......Men aslida sizning muxlisingizman”, — degan u.
Shomurodov ushbu voqea orqali ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan har bir fikr ortida ham haqiqiy inson turganini unutmaslik kerakligini bilvosita eslatib o‘tdi. Intervyudan so‘ng ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.






























Izohlar 0
…