Lionel Messi Argentina terma jamoasining tantanali marosimida ishtirok etishdan bosh tortdi

Jahon futboli afsonasi Lionel Messi 2026-yilgi Jahon chempionati finalida Ispaniyadan qabul qilingan alamli magʻlubiyatdan soʻng, Argentina terma jamoasining Buenos-Ayresdagi anʼanaviy paradida qatnashmaslikka qaror qildi. Finaldagi 0:1 hisobidagi magʻlubiyatdan soʻng ruhan tushkunlikka tushgan hujumchi jamoa bilan birga bayram tadbirlariga borish oʻrniga, oʻzining tugʻilib oʻsgan shahri Rosarioga yoʻl oldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mundo Deportivo nashri xabariga koʻra, 39 yoshli futbolchi seshanba kuni erta tongda Rosario xalqaro aeroportiga qoʻngan. Mayamidan shaxsiy samolyotda uchib kelgan Messi aeroportdan toʻgʻridan-toʻgʻri Fisherton tumanidagi oilaviy qarorgohiga yoʻl olgan. Uning avtomobili oynalari qoraytirilgan boʻlib, futbolchi oʻzini kutib olish uchun yigʻilgan muxlislar koʻziga koʻrinishni istamagan.
Shu bilan birga, Argentina terma jamoasining asosiy qismi dushanba kuni tushdan keyin Buenos-Ayresga yetib bordi. Nyu-Jersidagi MetLife Stadium oʻyingohida kechgan finaldagi magʻlubiyatga qaramay, minglab ishqibozlar futbolchilarni Ezeiza aeroporti yaqinida tantanali kutib olishdi. Jamoa aʼzolari ochiq avtobusda milliy terma jamoa mashgʻulotlar bazasiga qadar davom etgan paradda ishtirok etishdi.
Ruhiy tushkunlik va kelajak borasidagi savollar
Messining ommaviy tadbirlardan voz kechishi uning finaldagi magʻlubiyatni qanchalik ogʻir qabul qilganidan dalolat beradi. Final uchrashuvi yakunlangach, maydonning oʻzida koʻz yoshlarini tiya olmagan hujumchi dushanba kuni Instagram sahifasida muxlislariga murojaat qildi. "Ogʻriq juda kuchli va bu jarohatning bitishi qiyin boʻladi", — deb yozdi futbolchi oʻz postida.Shunga qaramay, Lionel Messi ijobiy jihatlarga ham eʼtibor qaratishga chaqirdi. Uning taʼkidlashicha, butun mamlakatning qoʻllab-quvvatlashi va jamoaning saʼy-harakatlari tufayli Argentina yana bir bor dunyoning eng kuchli jamoalari qatoridan joy oldi. Bu kabi natijalar xalq xotirasida abadiy muhrlanib qolishini qoʻshimcha qildi.
Hozirda barchani bir savol qiynamoqda: Lionel Messi Argentina safidagi faoliyatini davom ettiradimi? Hujumchi Lionel Scaloni boshqaruvidagi jamoada qolish-qolmasligi boʻyicha hali rasmiy bayonot bermadi. AQSH, Meksika va Kanada mezbonlik qilgan ushbu turnir uning faoliyatidagi oltinchi va katta ehtimol bilan soʻnggi Jahon chempionati boʻlishi kutilmoqda.
Goal.com maʼlumotiga koʻra, Messining soʻnggi yillardagi xalqaro faoliyati gʻalabalarga boy boʻldi. U 2021 va 2024-yillarda Kopa Amerika, 2022-yilda Finalissima va Qatar-2022da Jahon chempionligini qoʻlga kiritdi. Hozircha afsonaviy futbolchi uchun asosiy ustuvor vazifa — jamoatchilik eʼtiboridan uzoqda, oilasi davrasida hordiq chiqarishdir.






























Izohlar 0
…