Toshkentda 16 yoshli o‘smir Bo‘zsuv kanalida cho‘kib ketdi

Toshkent shahrida yana bir ayanchli hodisa qayd etildi. Yunusobod tumanida cho‘milish uchun Bo‘zsuv kanaliga tushgan 16 yoshli o‘smir suvda halok bo‘ldi. Bu haqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 21 iyul kuni soat 14:07 atrofida Toshkent shahar FVBBga Yunusobod tumani, Yuqori Bo‘zsuv ko‘chasi hududidan oqib o‘tuvchi kanalda bir nafar fuqaro suvga tushib, ehtiyotsizlik oqibatida cho‘kib ketgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabar ortidan voqea joyiga Maxsus-qutqaruv otryadining g‘avvos-qutqaruvchilari hamda boshqa mas’ul xizmatlar zudlik bilan yetib bordi. Qutqaruvchilar suvda qariyb to‘rt soat davomida qidiruv ishlarini olib bordi.
Olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida o‘smirning jasadi soat 18:35 da, u suvga tushgan joydan taxminan 100 metr uzoqlikda topildi va tegishli xizmatlarga topshirildi.
Ayni kunlarda mamlakatda kuzatilayotgan jazirama issiq tufayli ko‘plab fuqarolar salqinlashish maqsadida kanal va suv havzalariga yo‘l olmoqda. Biroq mutaxassislar bunday joylarda cho‘milish hayot uchun jiddiy xavf tug‘dirishini yana bir bor eslatmoqda.
Shuningdek, jamoatchilik va shahar faollari Toshkentda aholi uchun bepul va xavfsiz suzish hududlarining yetarli emasligi ham shunday ko‘ngilsiz hodisalarning ko‘payishiga ta’sir qilayotganini ta’kidlamoqda.
Favqulodda vaziyatlar xizmati fuqarolarni faqat maxsus jihozlangan va ruxsat etilgan suv havzalarida cho‘milishga, ayniqsa voyaga yetmaganlarni nazoratsiz suv bo‘yiga yubormaslikka chaqirdi.






























Izohlar 0
…