Toshkentda chaqaloq ko‘rinishidagi o‘yinchoq ichidan giyohvandlik moddasi topildi

Toshkentda chaqaloq ko‘rinishidagi o‘yinchoq ichidan giyohvandlik moddasi topildi

Toshkent shahrida chaqaloq shaklidagi o‘yinchoq ichiga giyohvandlik moddasini yashirib olib ketayotgan 56 yoshli ayol ushlandi. U Farg‘ona viloyatidan olib kelingan “gashish” moddasini poytaxtda sotishni rejalashtirganlikda gumon qilinmoqda.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, holat Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi va Nurafshon shahar Ichki ishlar bo‘limi tezkor xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida aniqlangan.

Bektemir tumani hududida harakatlanayotgan “Nexia-3” avtomobili to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazilgan. Mashinada bo‘lgan, 1970 yilda tug‘ilgan G.A. ismli ayolning buyumlari orasidan chaqaloq ko‘rinishidagi o‘yinchoq topilgan. Uning odatdagidan og‘irroq ekani xodimlarda shubha uyg‘otgan.

Tekshiruv davomida o‘yinchoq ichiga sakkizta qadoqqa joylangan giyohvandlik moddasi yashirilgani aniqlangan. Har bir qadoqning og‘irligi 100–150 grammni tashkil etgan. Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, ayol ushbu moddani Farg‘ona viloyatidan sotib olib, Toshkentda sotish uchun olib kelayotgan bo‘lgan. Avtomobil haydovchisi esa taksi xizmatida ishlashini va ayolni avval tanimaganini bildirgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar