Toshkentda er-xotin giyohvand moddalarni o‘yinchoq ayiq ichiga yashirgani aniqlandi

Toshkent shahrining Sergeli tumanida giyohvand moddalarni noqonuniy tarqatishda gumonlangan er-xotin va ularning sherigi qo‘lga olindi. Ularning Chilonzor tumanidagi ijaraga olingan uyidan yumshoq o‘yinchoq ayiq ichiga yashirilgan giyohvand moddalar topildi.
Aniqlanishicha, er-xotin va ularning sherigi Matiz avtomobilida yurib, giyohvand moddalarni yashirin joylarga qoldirish — «zakladka» usulida tarqatish bilan shug‘ullangan. Tezkor tadbir davomida ularning yonidan 50 o‘ram gashish topilgan.
Gumonlanuvchilar ijaraga olgan Chilonzor tumanidagi xonadon tintuv qilinganda esa yumshoq o‘yinchoq ayiq ichidan 450 gramm gashish va 100 gramm mefedron aniqlandi. Shuningdek, 1 000 dona zip-paket, elektron tarozilar va giyohvand moddalarni qadoqlash uchun mo‘ljallangan buyumlar musodara qilindi.
Tezkor tadbirlar Qibray va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ham davom ettirildi. Qibrayda giyohvand moddalarni yashirin joylarga qoldirish bilan shug‘ullanganlikda gumonlangan shaxsning avtomobilidan gashish topildi. Mirzo Ulug‘bek tumanida esa internet orqali narkotik savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumon qilingan shaxslar bilan bog‘liq manzildan 2 kilogramm opiy ekstrakti va 40 gramm gashish olib qo‘yildi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 550 gramm gashish, 100 gramm mefedron va 2 kilogramm opiy ekstrakti musodara qilingan. Idoralar hisob-kitobiga ko‘ra, bu moddalar 26 ming 300 martalik iste’mol dozasiga teng.
Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.






























Izohlar 0
…