"Siz g‘olibsiz!" degan qo‘ng‘iroqlar ortida 300 mln so‘mlik firibgarlik turgani aniqlandi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Toshkentda 110 dan ortiq fuqaroni aldab, 300 million so‘mdan ziyod mablag‘ni o‘zlashtirgan noqonuniy koll-markaz fosh etildi.
- Firibgarlar savdo ilovalaridagi aksiya g‘olibi bo‘lganini aytib, jabrlanuvchilardan kredit yoki mikroqarz mablag‘larini o‘z hisob raqamlariga o‘tkazishni talab qilgan.
- Pul o‘tkazilgandan so‘ng, ular arzon yoki sifatsiz mahsulotlar yuborib, aloqani uzgan.
Toshkent shahrida fuqarolarni soxta aksiyalar orqali aldab, ularning kredit va mikroqarz mablag‘larini o‘zlashtirgan noqonuniy koll-markaz faoliyati fosh etildi. Jinoiy guruh 110 nafardan ortiq fuqaroga 300 million so‘mdan ziyod zarar yetkazgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyatida yashovchi, 2005 yilda tug‘ilgan shaxs va uning sheriklari fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni savdo ilovasidagi aksiya g‘olibi bo‘lganiga ishontirgan.
Sovg‘ani olish uchun esa fuqarolardan o‘z nomlariga ajratilgan kredit yoki mikroqarz mablag‘larini tadbirkorlar hisob raqamiga o‘tkazish talab qilingan. Evaziga maishiy texnika yetkazib berilishi va’da qilingan.
Guruh a’zolari savdo platformasida o‘zlarini mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Pulni qaytarish yoki buyurtmani yetkazib berishni talab qilgan ayrim xaridorlarga esa arzon, sifatsiz yoki buyurtmaga mos kelmaydigan mahsulotlar yuborilgan.
Shu tariqa, jabrlanuvchilarning e’tiborini chalg‘itib, kredit va mikroqarz limitlarini o‘zlashtirishgan. Pul o‘tkazilgandan keyin esa ko‘p hollarda ular bilan aloqa uzilgan.
Shayxontohur tumanidagi noqonuniy koll-markazda 5 nafar operator faoliyat yuritgani aniqlangan. Ular soxta onlayn do‘konlar nomidan yuzlab fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilgan. Tezkor tadbir davomida 10 ta kompyuter jamlanmasi, 8 ta mobil telefon, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari va nasiya savdo ilovalaridagi limitlar aks etgan 150 varaq hujjat hamda 2 ta daftar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Avvalroq ham Toshkentda chet el fuqarosi boshchiligidagi yuzlab yigit-qizlardan tashkil topgan kiberjinoyatchilar guruhi qo‘lga olingan edi.































Izohlar 0
…