13:53 / 05.04.2018
6 437

Islom dini haqidagi safsatalarga javob

Islom dini haqidagi safsatalarga javob
Bir necha kun oldin Argentinaning “Klarin” media guruhi Sesar Vidal (yozuvchi va jurnalist. Masofadan o‘qitish Milliy Universitetining tarix fanlari doktori) degan janobning “ Islomda terror qonun himoyasida” degan maqolasini chop etdi.

Bu yerda shu maqola va unga Argentina Islom tashkiloti federatsiyasi nomidan shayx Abdulkarim Pasning javobi keltirilgan.

Islomda terror qonun himoyasida

“Yaqinda Rim papasi Fransisko Islom terrori mavjud emasligini o‘z nutqida ta’kidlab o‘tdi. Haqiqatdan ham, u nasroniy, yahudiy yoki musulmon terrori bo‘lishi mumkinligini inkor qildi. Men uning fikrlari yuzasidan bahslashmoqchi emasman – ba’zi terrorga sodiq kishilarning dinga tuhmat toshi otilishining oldini olishi, albatta, bu yaxshi narsa. Ammo ushbu bayonotda hal qilish kerak bo‘lgan katta muammolar – e’tirozlarim bor.

Tarixan olib qaraganda ham, diniy terrorchilar haqida ko‘plab misollar keltirish mumkin. Ulardan biri bo‘lgan yahudiy yollanma qotillari Rimga qarshi bo‘lgan urushda (66-73 yy.) rimliklar va o‘z vatandoshlarini bo‘g‘izlab, Isroil xudosiga sig‘inishga chaqirdilar. Xuddi shunday iyezuitlar katolik bo‘lmagan davlatlarga qirg‘inbarot hujum uyushtirib, ularning ichki ishlariga aralashdilar. Shunday bo‘lsa-da, odamiylik, gumanizm haqidagi Isoning o‘git va ko‘rsatmalariga murojaat qilish murakkablik tug‘diradi – hatto “Tavrot” ham bundan mustasno emas.

Islom haqida esa boshqacha fikrdaman. Muhammad (sollallohu alayhi vasallam – izoh bizniki – B.D.)ning hidoyat kitobi bo‘yicha 622 yilgacha bo‘lgan va undan keyingi Muhammadni (sollallohu alayhi vasallam) qayd etdim.

Birinchisi, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam – izoh bizniki – B.D.) bir xotinli bo‘lib, tinch yashab yurgan paytlarida birdan ilohiy hukm haqida gapirishni va bir xudolikka da’vat qilishni boshladi. 622 yilda Makkani tark etib, ko‘p xotinli va harbiy bo‘lish uchun Madinaga ketdi, qilich kuchi bilan Xabarni (“vahiy” demoqchi – B.D.) yoydi. Islom Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning hayotini eng nozik masalalarda ham namuna sifatida ko‘rsatadiki, ammo bu o‘z to‘g‘ri yo‘lidan ozganlarga turli xil zo‘ravonliklar, shuningdek, terrorni qonuniy (fatvo berilgan) deb e’tirof qilishiga sabab bo‘lmoqda.

Avvali Badr yonidagi urushdan boshlanib, so‘ngra asirga tushganlarni ommaviy qirg‘in qilish bilan davom etdi. Keyin Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning oldiga hozirgi zamon jurnalistlariga teng bo‘lgan Arabiston shoirlari uning hukmdorligini tanqid qilish uchun keldilar. Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) shoira Asma binti Marvanni, yahud shoiri Kabb Asraf yoki Abu Afoqni o‘ldirishga buyruq berganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Shundan so‘ng bunday qotilliklar yuzlab yillar davom etdi. Keyingi yillarda Muhammad, tom ma’noda aytganda, yahudiy qabilalarni va dindan qaytganlarni ayovsiz qirdi.
Va hokazo...”
Sesar VIDAL

Shayx Abdulkarim Pasning javobi
“Donishmand ilohiyotchi Rim papasi Fransisko juda to‘g‘ri aytganidek, “Islom terrori” yo‘q. Bo‘lishi ham mumkin emas! Bu Islomga zid gapdir. O‘zini musulmon, nasroniy yoki yahudiy deb atayotgan terrorchilar bilan bir qatorda “demokratlar” deb nom qo‘yib olgan terrorchi-qo‘poruvchilar ham bor. Hech kim “demokrat qo‘poruvchilar” deya olmayotgan bir paytda ular dronlari (uchuvchisiz uchar texnikalar) va raketalari bilan tinch aholini bombardimon qilib qo‘rquvga solmoqdalar.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam payg‘ambarimiz nomining o‘zidan ma’lum bo‘lgan Islom dini ‒ tinchlik dini ekanini, Nuh, Ibrohim, Muso, Iso, Muhammadning va butun insoniyatning Xudosi barcha uchun bir xilda mehribon hamda rahmli ekanini targ‘ib qildilar. Barcha payg‘ambarlar ko‘pdan-ko‘p mukammal sifatlarga ega bo‘lgan Allohning Yaratuvchilik, Mehribonlik, Adolatlilik, Tinchlik kabi sifatlarini yoyib, yagona Xudoga sajda qilishga, Unga hech kimni sherik qilmaslikka chaqirdilar.

O‘zini yozuvchi, jurnalist va UNED’ning (aftidan, Ispaniyada joylashgan Masofaviy ta’lim Milliy Universitetining) tarix fanlari doktori deb tanishtirgan Sesar Vidalning iddao qilishicha, “Papa Fransiskoning “ Islomda terrorizm yo‘q”, deyishi – bu noto‘g‘ri talqindir”. Uning-cha, go‘yoki Islom terrorga qarshilik ko‘rsatmaydi, balki uni yoqlab keladi.

Har bir inson Payg‘ambarning tarixi va Islom dinini o‘rganar ekan, ular haqidagi eng ishonchli manbalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatgan o‘rnak va sa’y-harakatlari bilan Islom dini paydo bo‘lishining ilk davrlaridayoq, Arabiston yarim orolida asrlar bo‘yi davom etgan o‘zaro jang-jadallarga barham berilganlarini, tinch hayotga erishilganini aniqlash qiyin emas. Muhammad alayhissalom – Allohning Rasuli qabilalarning ijtimoiy va iqtisodiy kelib chiqishidagi ustunlik yoki ularning irqi hamda jinsidan qat’i nazar, o‘z fazilatlari, taqvodorliklari, sabri bilan barcha arab qabilalarini birlashtirdilar. U zotning va’z-o‘gitlari universal bo‘lib, butun insoniyatga qaratilgan hamda o‘tmishda ham, bugungi kunda ham Islom diniga qarshi qilinayotgan noto‘g‘ri targ‘ibot/tuhmatlarga qaramay, ozayish o‘rniga, aksincha, kundan-kunga ziyoda bo‘lib, besh qit’a odamlarining qalb va tafakkurlarini zabt etib kelmoqda.

Aslida buzg‘unchi g‘oya bo‘lgan bunday noto‘g‘ri qarashlardan biri janob Sesar Vidalga tegishli bo‘lib, keling, uning argumentlariga nazar tashlaylik. Birinchidan, bu janob Muhammad alayhissalom Madina ahliga qilich bilan o‘zining dinini singdirgan, demoqda. Yaxshi, unda tarixchi sifatida bu haqda qachon va qanday bo‘lganini ishonchli manbalardan dalillar keltirib, bizga aytsin! Afsuski, bu odamning bunday qilishining imkoni yo‘q. Islom tarixidan bir oz xabari bor har bir kishi uchun shu narsa aniqki, Payg‘ambar Madinaga kelmasidan oldin bir asrdan ziyod bir-birlari bilan urushayotgan Avs va Hazraj qabilalariga tinchlik olib keldilar, ularni o‘zaro ittifoq qildilar. U zot birlashtirgan va birodar qilgan bu qabilalaru barcha madinaliklar makkalik muhojirlar bilan o‘zaro barcha turdagi mollarni ayirbosh qilishlariga erishdilar.

O‘sha paytlarda Madina yahudiylari ozchilik sifatida e’tirof etildi va Madinada ozchilikning ko‘pchilik ichida totuv yashashi uchun hamda ularning diniy erkinliklari to‘g‘risida bitim imzolandi.

Muallif keltirib o‘tgan Badr jangida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch yuzta izdoshi bilan mingdan ortiq mushriklarning tajovuzidan o‘zini himoya qilish uchun jang olib borishga majbur bo‘ldi, mushriklarning hujumi musulmonlar tomonidan mag‘lubiyatga uchratildi. O‘sha davrlar qonun-qoidasiga ko‘ra, mahbuslardan qul sifatida foydalanilardi, Rasululloh musulmonlarga o‘qish va yozishni o‘rgatgan asirlarni bepul davolattirdilar. O‘qituvchilarga eng yaxshi davolash choralari va erkinlikni munosib ko‘rdilar. Kim o‘qiy yoki yoza olmasa, to‘lov yo garov evaziga ozod qilindi. Janob Vidal Payg‘ambar Badr jangining barcha mahbuslarini o‘ldirdilar, deb aytishi uchun qaysi manbaga asoslandi ekan? Men undan manba keltirishini talab qilaman! Unga qarshi ayta olamanki, bunday manba mavjud emas va hech qachon bo‘lmagan ham.

Tarix solnomalariga ko‘ra, yigirma uch yil davomida Arabistonda Islomni yoyish uchun Rasululloh tomonidan olib borilgan barcha mudofaa (va faqat mudofaa) janglarida bir yuz ellik nafar kishi halok bo‘lgan. Bugungi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlari “bir xatolik natijasi” deb atayotganlari Mosulda ikki yuz nafar tinch aholini o‘ldirganliklarini tan oldilar. Bunday voqealar juda tez-tez sodir bo‘lmoqda, ularning bosqinchiliklari oqibatida Iroqda bir milliondan ko‘proq iroqliklar va Afg‘onistonda ham boshqa millionlab tinch aholi halok bo‘ldi.

Sesar Vidal “Klarin” gazetasida chop ettirgan maqolasida Payg‘ambar zamonida “bugungi jurnalist” rolida bo‘lgan tanqidchi shoirlar o‘ldirilgan, deb iddao qilmoqda. Biroq muqaddas Qur’on suralaridan yoki oyatlaridan birida ijod ahli nomi qayd etilgan, umuman olganda, san’at va she’riyat musulmonlar tomonidan eng yuksak cho‘qqiga ko‘tarilganini esdan chiqarmaslik kerak.

Islomdagi eng buyuk sivilizatsiya ‒ bu uning barhayotligidir. Asma binti Marvan Payg‘ambarni haqorat qilgan va musulmonlarga qarshi urush qo‘zg‘ashda faol bo‘lgan yahudiy shoira edi. Uni musulmonlar o‘ldirganini va Payg‘ambar fatvo bergan, degan gapni ko‘pchilik musulmon tarixchilar inkor qilganlar. Kabb Asraf yoki Abu Afoqqa kelsak, u oddiygina tanqidchi shoir emas edi, balki Madinada imzolangan tinch-totuv yashashlik to‘g‘risidagi bitimni doimiy buzib, Islomga qarshi fitna uyushtirishda va boshlashda faol shaxslardan edi.

Islom hech qachon tanqidni taqiqlagan emas, balki tanqid haqqoniy, to‘g‘ri shaklda va yuksak axloqiy mavzuda bo‘lsa, u rag‘batlantirilgan (haqiqiy tanqidning ikki: ijobiy va salbiy tomoni bor, afsuski, salbiylik tomoni ustun bo‘lib qolmoqda). Yomonlikdan qaytarib, yaxshilikka da’vat qilib kelgan. Bunday sof va adolatli tanqid Islomiy majburiyat hisoblangan, uning amalga oshishi uchun Islomda axloqiy munosabatlarga asoslangan to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilgan.

Shuningdek, Islom dunyodagi har qanday tinchliksevar davlat kabi urush va terrorni, jinoiy fitna yoki isyonni taqiqlaydi. Ba’zi bir shoirlarning bema’ni da’volari va murosasizlikka chorlashlari haqiqiy she’riyatga zid bo‘lib, buzuq niyatlarini ochiq-oydin ravshan qilmoqda. Qachonki, san’atning barcha turlari singari she’riyat ham yaxshilik va go‘zallikni ulug‘lash uchun xizmat qilib tursa-yu, shunga qaramasdan Payg‘ambar uning go‘zalligini rad etganida Islom hech qachon bunday yuksak muvaffaqiyatga erishmas edi.

Arablar notiqlik san’atining ustalaridir. Shuning uchun Payg‘ambarning karomatlari bilan she’riyatga yaqin, ammo she’r bo‘lmagan, mukammalligi, go‘zallik va ma’noga to‘la ilohiy so‘zlari ila Qur’on degan mo‘jiza asrlardan asrlarga o‘zgarmay o‘tib kelmoqda. Dunyodagi boshqa hech bir kitob bunday yuksak mavqega ega emas.

“Tarixchi” Vidalning yolg‘onlaridan yana biri yahudiy qabilalarning yo‘q qilinishi deb atalmish da’vosidir. Payg‘ambar ba’zi yahudiy qabilalarning mushriklar bilan bir bo‘lib olib, ularning Islom jamiyatiga qarama-qarshi turishlariga duch keldi. Yahudiylarning ko‘pchiligi Islomni qabul qildi, boshqalari Payg‘ambar marhamati bilan ozod qilindi, yana birlari davlatga yengil soliq to‘lab, evaziga o‘z xavfsizligini ta’minladi va dinini saqlab qoldi, ularning zimmasidan mudofaa janglarida himoyada ishtirok etish soqit qilindi. Falastinda sionistik loyihasi paydo bo‘lishiga qadar Yevropadagidek musulmonlar va yahudiylar o‘rtasida hech qanday ziddiyat yo‘q edi. Asrlar davomida Falastinda yahudiylar aholining o‘n foizidan kamrog‘ini tashkil qilgan edi.

Qur’oni Karim nozil bo‘lganidan buyon barchani tinchlikka, adolatga chorlab, yaxshilik qilishga da’vat qilib, o‘zi yoqtirmaganni birovga ham ravo ko‘rmaslikka, begunoh jonni o‘ldirish barcha insoniyatni o‘ldirishga teng, deb begunoh hech kimni o‘ldirishdan qaytarib tursa-yu, qanday qilib mas’uliyatsiz janob Vidal “Islom terrorizmni yoymoqda”, deb iddao qilmoqda?! Islom dini va uning Payg‘ambari dinga g‘ulu ketishni, har qanday tirik jonga hujum qilishni yoki bezovtalik, zarar hamda ozor yetkazishni taqiqlaydi. Oliyjanob va rahmdil payg‘ambar sifatida tan olingan hamda Makkada mag‘lub bo‘lgan dushmanlarini kechirib yuborgan odam qanday qilib terrorga fatvo bergan yoki terrorni yoqlagan bo‘lishi mumkin?! Shoirlarga tahdid va zo‘ravonlik qilinganini bu odam qaysi manbadan topdiykin?!

Niyat terrorni barpo etish bo‘lganida u zot musulmonlarni bir-biriga tinchlik tilab, salom berishga o‘rgatarmidi? Manmanlikni, kibrni, adolatsizlikni, zulmni, yolg‘on va aldovni taqiqlarmidi?

O‘zini himoya qilishdan tashqari hech qachon hech kimga hujum qilmagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qilichi dastasiga “Sendan aloqasini uzgan bilan aloqa o‘rnat; o‘zingga qarshi bo‘lsa ham, haqiqatni ayt; senga zulm qilganga yaxshilik bilan javob qaytar”, deb yozilgan bo‘lgan.

Qaysi terrorchi bu shiorni ko‘tarib chiqmoqda? Tuzilgan bitimlarga amal qilishga, ojizlarni himoya qilishga chaqiryaptimi? Sudxo‘rlik, narkotik va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishni hamda ekspluatatsiyani taqiqlayaptimi? Bularning barchasi urush keltirib chiqaruvchi eng asosiy sabablar bo‘lib, ular Islomda qat’iy qaytarilgan. Rasululloh alayhissalom zo‘ravonlik bilan tortib olingan joyda ibodat qilish Allohga maqbul emas, deb o‘rgatmaganmi? Muhtojlarga yordam berishni targ‘ib etmaganmi? Shuningdek, oltin va kumush pullarni to‘plab, ular bilan maqtanishni man qilmaganmi? U zot davlat rahbari bo‘la turib, o‘z uyiga to‘rt yuzta kambag‘alni joylashtirmadimi va arzimagan hayot lazzatidan mahrum kishilarni muhofaza etmadimi, ularga xizmat ko‘rsatmadimi? Islomda terror emas, balki xayriya harakatlari ustun hisoblanadi.

Islomning tinchlik va birodarlikka o‘rgatishida hech ajablanadigan joyi yo‘q, chunki Allohning barcha elchilari – Iso, Muso, Ibrohim va boshqa payg‘ambar alayhi vasallamlar shunga targ‘ib qilib o‘tdilar.

Yo‘q, janob Vidal, tarixda imperatorlar, nimrod (namrud)lar, fir’avnlar, Rum qaysarlari va Abu Jahllar terrorizm targ‘ibotchilari bo‘lganlar. Ular payg‘ambarlarga zid hayot kechirib, oddiy xalqni talon-taroj qilib kambag‘allashtirdilar, o‘zlari to‘kin-sochinlikda va farovonlikda saroylarda yashadilar.

Janob Vidal maqolasining bir joyida bilmasdan o‘ziga zulm qilib, bitta manbani keltirib qo‘ygan. Bu Qur’oni Karimning “Tavba” surasidir. Qur’onning o‘sha joyida, haqiqatdan ham, (kim, Muhammad alayhissalommi?) mushriklar bilan yuzlashishga chaqirilgan. Lekin muqaddas Qur’on haqida eng kam bilimga ega bo‘lgan odam ham biladiki, to‘qqizinchi sura qoidaga istisno tariqasida paydo bo‘lgan. U mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlanmagan yagona sura hisoblanadi. Bu surada urush va iymonsizlikni uloqtirib tashlash haqida so‘z borgani uchun “Bismillah” yozilmagan bo‘lib, u Islomiy davlatga nisbatan tajovuzkor mushriklarga hamda hujum qilmaslik haqidagi bitimlarni buzganlarga qarshi chiqishni bildirgan. Urush haqidagi umumiy va asosiy qoidaga ko‘ra, o‘z-o‘zini himoya qilishdan tashqari hujum bo‘lmaganda jangni amalga oshirish taqiqlangan. “Sizga hujum qilinganda ular bilan jang qilishga ruxsat etildi..., lekin agar ular to‘xtasalar va tavba qilsalar, ularga tinchlik, omonlik bering. Albatta, Alloh tajovuzkorlarni sevmas. Mushriklar sizlarga urush ochishsagina, sizlar ham ularga qarshi jang qilingiz.

Bilinglarki, Alloh taqvodorlar bilandir” (“Tavba” surasi. Ya’ni Vidal tomonidan keltirilganidek, mushriklarga urush qilingan emas, balki umumiy tartib ostida o‘zlarini himoya qilish uchun hujumga hujum bilan javob qaytarishgan va maqsad tajovuzga chek qo‘yish bo‘lgan. Bu birovga hech qachon qasd etmaslik, hech qachon bezovta qilmaslik, zarar/ziyon yetkazmaslik demakdir. O‘sha paytda siz hujumga qarshi hujum uyushtirilgan, qasd qilgan odam o‘ldirilgan, deb ayta olasiz. Ikkinchidan, bu umumiy qoida bilan ziddiyatda bo‘lmagan alohida qoidadir. Islomda urush boshlash yoki dushman taslim bo‘lsa, jangni davom ettirish harom qilingan. Bu shunday bir qoidaki, u inson ong-u shuurini va dunyodagi barcha huquqiy tizimlarni himoya qiladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, bunday maqolani ommaviy axborot vositasida chop ettirish o‘ta ketgan jaholatdan, ongsizlik hamda mas’uliyatsizlikdan darak beradi va bu Islomofobiya uchun ta’minotdir.

Barcha birinchi xalifalar zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan, deyishi muallifning yana bir noto‘g‘ri xabari va Islom ilmidan bexabarligi natijasidir. Abu Bakr zo‘ravonlik tufayli halok bo‘lganini bizga aytib bering-chi! Imom Ali shahid bo‘lgan, ammo u kishi haqiqiy tinchlikparvarlik, adolatlilik, rahm-shafqatlilik, birdamlik, donolik, birodarlik va bag‘rikenglikning timsoli edi. Bu iddaolar Isoga qattiq azob berdi, deb nasroniylikni ayblash kabi bo‘lmoqda. Yoki farziylar bilan sadduqiylarga nisbatan yahudiylikni ayblash singaridir.

Nihoyat, keyingi maqolalarida janob Vidal tomonidan ularning jamiyatlarida o‘z dastagiga ega, ularning yurtini himoya qiluvchi hamda ular tomonidan moliyalashtiriladigan qurollangan ashaddiy terrorchi “Hizbulloh” kabi guruhlar va ISHID tuzilmasi terrorizmga qarshi nasroniy aholi-yu musulmonlar vakolatlarining asosiy himoyachilari, deb chalkashtiriladi.
Shayx Abdul Karim PAS,
Argentina Islom tashkiloti
Diniy Kengashi Federatsiyasi.

Manba: Islom.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Islom dini haqidagi safsatalarga javob