AQSHda kriptovalyuta oʻgʻriliklariga qarshi kurashuvchi maxsus guruh tuzilmoqda

AQSH qonunchilari kriptovalyuta oʻgʻriliklari, firibgarliklar va boshqa raqamli aktivlar bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilishni muvofiqlashtirish maqsadida Adliya vazirligi boshchiligidagi maxsus ishchi guruh tuzish tashabbusi bilan chiqishdi. Mazkur qonun loyihasiga koʻra, Adliya vazirligi FBI, Homeland Security Investigations va Gʻaznachilik departamentining FinCEN tarmogʻi kabi idoralarni birlashtiruvchi asosiy federal koordinatorga aylanadi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Respublikachi Lens Guden va demokrat Josh Gottheimer tomonidan taqdim etilgan hujjat ishchi guruhga dalillarni toʻplash, blokcheyn ekspertizasi, aktivlarni kuzatish va jabrlanuvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha eng yaxshi amaliyotlarni ishlab chiqish vazifasini yuklaydi. Shuningdek, loyiha doirasida shtat va mahalliy huquqni muhofaza qilish organlariga texnik yordam koʻrsatish va treninglar oʻtkazish koʻzda tutilgan.
FBI maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yili amerikaliklar kripto bilan bogʻliq jinoyatlar natijasida 11 milliard dollardan ortiq zarar koʻrgan. Yangi tuzilma xalqaro huquqni muhofaza qilish idoralari bilan transchegaraviy tergovlar boʻyicha hamkorlik qiladi va har yili Kongressga yangi tahdidlar hamda siyosiy tavsiyalar boʻyicha hisobot taqdim etadi. Taʼkidlanishicha, ushbu qonun yangi tartibga solish choralarini joriy etmaydi, balki mavjud idoralararo muvofiqlikni kuchaytiradi.
Ushbu tashabbus blokcheyn tahlili bilan shugʻullanuvchi TRM Labs va Chainalysis kabi kompaniyalar oʻgʻirlangan mablagʻlarni kuzatish uchun sunʼiy intellekt vositalarini ishga tushirayotgan bir vaqtga toʻgʻri keldi. Masalan, TRM Labs kompaniyasining Co-Case Agent vositasi tabiiy tildagi soʻrovlar orqali tranzaksiyalarni tahlil qilish imkonini beradi. Chainalysis ham kriptojinoyatchilar oʻz operatsiyalarini kengaytirishda sunʼiy intellektdan foydalanayotgani sababli, shunga oʻxshash texnologiyalarni joriy etmoqda.
DeFiLlama maʼlumotlariga koʻra, faqatgina aprel oyining oʻzida xakerlar taxminan 630 million dollar mablagʻni oʻgʻirlagan, bu esa sohadagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi. Yangi qonun loyihasi aynan mana shunday yirik iqtisodiy yoʻqotishlarning oldini olish va kripto bozoridagi xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan.
























Izohlar 0
…