Xitoyda 700 ming quyosh paneli va sunʼiy intellekt boshqaruvidagi vodorod zavodi ishga tushdi

Xitoyda 700 ming quyosh paneli va sunʼiy intellekt boshqaruvidagi vodorod zavodi ishga tushdi

Xitoy qayta tiklanadigan energiya sohasidagi eng yirik loyihalardan birini yakunladi. China Energy Investment Corporation (CHN Energy) maʼlumotlariga koʻra, Szyansu provinsiyasining Rudun uezdida quyosh energiyasi, “yashil” vodorod ishlab chiqarish va energiyani saqlash tizimlarini birlashtirgan mamlakatdagi eng yirik qirgʻoq energetika klasteri toʻliq foydalanishga topshirildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Guohua Energy Investment kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan ushbu loyiha murakkab tabiiy sharoitlarda — muntazam suv toshqinlari sodir boʻladigan qirgʻoq boʻyi hududlarida barpo etildi. Sakkiz oydan kamroq vaqt ichida mutaxassislar 110 mingdan ortiq temir-beton poydevor oʻrnatib, ularning ustiga 700 mingga yaqin quyosh panelini montaj qilishdi. Ekotizimni saqlab qolish maqsadida barcha uskunalar va xizmat koʻrsatish yoʻlaklari yer sathidan baland koʻtarilgan maxsus estakadalarga joylashtirildi.

Majmuaning markaziy qismi 400 MW quvvatga ega quyosh elektr stansiyasidan iborat. Ishlab chiqarilgan energiyani tarmoqqa uzatish uchun 220 kV kuchlanishli yangi qirgʻoq podstansiyasi qurildi. Shuningdek, tizim tarkibiga quyosh generatsiyasidagi tebranishlarni muvozanatlash va tigʻiz vaqtlarda yuklamani qoplash uchun 120 MW·soat sigʻimli energiyani saqlash qurilmasi kiritilgan.

Loyiha doirasidagi vodorod xabi quyosh energiyasi ortiqcha boʻlgan vaqtlarda suvni elektroliz qilish orqali soatiga 1 500 m³ vodorod ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Yillik ishlab chiqarish hajmi 180 tonna “yashil” vodorodni tashkil etadi. Ushbu mahsulotni yetkazib berish boʻyicha kimyo korxonalari bilan shartnomalar imzolab boʻlingan.

Majmuaning barcha komponentlari yagona raqamli boshqaruv tizimiga birlashtirilgan boʻlib, u sunʼyiy intellekt algoritmlari yordamida energiya ishlab chiqarish, saqlash va vodorod sintezini muvofiqlashtiradi. Bu obʼyekt har bir kilovatt energiyadan maksimal darajada samarali foydalanishga qodir boʻlgan yopiq energetik ekotizim hisoblanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar