10:05 / 12.12.2018
4 733

Kirakashning muomalasi

Kirakashning muomalasi
Kechasi soat o‘n birlar atrofida Toshkent aeroportidan chiqdim. Maydalab yomg‘ir yog‘ib turardi. Tashqariga chiqib chetroqqa o‘tdim.

Ikki kishi keldi, kirakashlar ekan.

– Uka, ketasizmi, olib borib qo‘yaylikmi?" – deyishdi.

– Ha, ketamiz, – deb – Telefoningizdan foydalansam bo‘ladimi? – deb so‘radim. "Ha", deb telefonini berdi. Tanishim Toshkentda ishlardi, unga telefon qildim, "Kela olasanmi?" – deb so‘radim, u kelolmasligini aytdi. "Unda o‘zim yetib olarman", deb xayrlashib, telefonni o‘chirib, egasiga qaytardim.

"Uka, qayerga borasiz?" – deb so‘rashdi. Men Qashqadaryoga ketishimni, o‘sha yerga boradigan kirakashlar turadigan joyga olib borishini aytib, narxini so‘radim. Ular mening Rossiyadan kelayotganimni bilib "Yuz rubl bo‘ladi", deyishdi. Men "O‘zimizning pulga qancha bo‘ladi? Menda o‘zimizning so‘m bor", dedim. Ular: "Yetti ming bo‘ladi", deyishdi.

Bu narxni eshitib, biroz taajjublandim. Ochig‘i, bunday vaziyatga birinchi bor tushishim edi. Men aytgan masofamga aynan necha pul bilan olib borishini aniq bilmasdim-u, lekin Toshkentda bu masofaga shuncha kam narx aytilgani biroz g‘alati tuyuldi.

"Biz "ofitsialniy" bo‘lib ishlaymiz, hech kimni aldamaymiz, "zakaz" bilan yuramiz. Soat birga aytilgan joy bor, ungacha vaqt bor, sizni olib borib qo‘yamiz", deyishdi.

Yo‘lga tushdik. Ular mendan qayerda bo‘lganim, nima ish qilganimni so‘rashar, men esa qisqagina qilib javob qaytarardim. Tabiatan kamgapligim sababli ko‘proq ularni tinglar, savol bersa javob berib borardim, xolos.

Aytilgan manzilga keldik. Pulni olib, o‘n ming so‘m berdim. Rulda o‘tirgan aka pulni oldi-da, biroz tushunmaganday bo‘lib pulni qaytarib berdi.

– Nima bo‘ldi? – dedim. "Men kilometrga yetti ming bo‘ladi", deb aytganman dedi. "Xo‘sh, unda qancha bo‘ladi? Menga tushuntirib ayting", dedim.

U mashina o‘ttiz to‘rt kilometrdan oshiqroq yurganini ko‘rsatdi. Hisoblab chiqib unga qarab, “Hazillashayapsizmi? – dedim. – Axir, men bu pulga Toshkentdan Qashqadaryoga ham ketmayman...”

O‘rtada biroz bahs bo‘ldi. Ular menga "Boshida shunday deb aytganmiz", deb turib olishdi, men "Agar boshida shunday deganlaringizda chiqmagan bo‘lardim", dedim.

Xullas, kelisholmadik. Ruldagisi mashinani oldinga haydagandi,

– Qayerga ketyapmiz? – dedim.

– Orqaga qaytamiz – dedi, – O‘zingiz dispetcherga borib, anglashilmovchilik bo‘libdi, deb tushuntirasiz.

– Bo‘ldi, dedim.

Biroz yurgach, "Qaytish pulini ham to‘laysiz", dedi. "Bo‘ldi, to‘layman", dedim. Ichimda "Boraylik-chi, qani, nima bo‘larkin?" – deb ketyapman.

Aeroportga deyarli yetib borgandik, haydovchi mashinani yo‘l chetida to‘xtatdi-da, "Tush, mashinadan sumkangni ol!" – dedi balandroq ovozda. Tushganimdan keyin "Sen birovlarning haqqini yeb o‘rganib qolgansan!" – dedi. Indamay, jim bo‘lib qoldim. Mashinaga o‘tirguncha yana nimalardir dedi, eshitmadim... Ko‘chada hamon maydalab yomg‘ir yog‘ib turardi...

O‘sha payt ko‘chada qolganim emas, anavi haydovchining o‘zini musulmon sanab, musulmon birodariga bo‘lgan muomalasi alam qildi...
Muhriddin Kamol

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kirakashning muomalasi