IIO xodimlaridan qochgan Cobalt o‘q uzib to‘xtatildi

IIO xodimlaridan qochgan Cobalt o‘q uzib to‘xtatildi
Qisqacha

Toshkent shahrida ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan xavfli harakatlangan Cobalt avtomashinasi g‘ildiragiga o‘q uzish orqali to‘xtatildi. Ma’lum bo‘lishicha, 11 iyun kuni soat taxminan 21:30 da Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasida sodir bo‘lgan voqea davomida avtomobilni ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida ro‘yxatda turuvchi 44 yoshli R.Y. boshqargan va bir nechta transport vositasiga shikast yetkazgan.

Toshkent shahrida Ichki ishlar organlari xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan va xavfli harakatlangan Cobalt avtomashinasi o‘q uzish orqali to‘xtatildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Cobalt rusumli avtomobil bir nechta transport vositalariga shikast yetkazgani aks etgan video tarqalgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 11 iyun kuni soat taxminan 21:30 atrofida sodir bo‘lgan. Avtomobilni ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida ro‘yxatda turuvchi 44 yoshli R.Y. boshqargan.

U Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasida yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda harakatlanib, boshqa fuqarolar hayotini xavf ostiga qo‘ygan. Shuningdek, IIO xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga amal qilmasdan, harakatini davom ettirgan va bir nechta avtomashinaga texnik shikast yetkazgan.

Tezkor choralar natijasida boshqa fuqarolarga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida IIO xodimlari tomonidan tabel qurolidan foydalanilgan. Ogohlantirish berilgach, avtomashina g‘ildiragiga o‘q uzilib, transport vositasi to‘xtatilgan va haydovchining keyingi noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Hodisa Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan nazoratga olingan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar