07:50 / 27 марта 2020
1 071

Doktor Marimutu Nadason: «O‘zbek xalqi hukumat atrofida jipslashib, koronavirusni yengishiga ishonaman»

Doktor Marimutu Nadason: «O‘zbek xalqi hukumat atrofida jipslashib, koronavirusni yengishiga ishonaman»
Doktor Marimutu Nadason.
Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumers International) prezidenti doktor Marimutu Nadason O‘zbekiston xalqiga maktub yo‘lladi.

«Qadrli do‘stlar, shu kunlarda butun jahon koronavirusning misli ko‘rilmagan pandemiyasiga duch kelmoqda, u deyarli barcha mamlakatlarga tarqalib bo‘ldi. Ushbu mamlakatlar xalqlari virusni jilovlash va yo‘q qilish yo‘lida kurashmoqda. Barchamizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida uni tez orada yengishimiz va hayot karantindan so‘ng yana o‘z iziga tushib ketishiga ishonaman.

Men 2020 yilning 15 – 18 yanvar kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari iste’molchilari forumida qatnashish uchun go‘zal mamlakatingizga borgan va uning ajoyib xalqi bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘lgan edim. O‘sha forumda o‘nlab xalqaro ekspertlar hamda turli mamlakatlarning davlat va nodavlat iste’molchilar tashkilotlari vakillari ishtirok etib, iste’molchilar huquqini himoya qilish borasidagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan masalalarni muhokama qilgan edi. O‘sha masalalar pirovardida butun dunyoda iste’molchilar huquqini himoya qilishni yaxshilashga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishi shubhasiz.

Qayd etish joizki, «BMTning iste’molchilar huquqini himoya qilishning yetakchi prinsiplari»dan biri «iste’molchilarni ularning salomatligi va xavfsizligiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xavflardan himoya qilishdir». Shuning uchun Jahon iste’molchilar tashkiloti koronavirusni tiyib turish, tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va bartaraf etish yo‘lida qo‘lidan kelgan barcha ishlarni qilmoqda.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mana shu ishga o‘z hissasini qo‘shayotgani, karantin vaqtida mamlakatda iste’mol tovarlari narxi oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida nazorat kampaniyasi o‘tkazayotgani, o‘z mablag‘lari hisobidan shaxsiy himoya vositalarini sotib olib, aholiga tarqatayotgani hamda tibbiyot sohasi mutaxassislari bilan hamkorlikda milliy, mintaqaviy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida virusni yuqtirmaslik uchun gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishga da’vat etuvchi ko‘plab materiallar tayyorlab, efirga uzatayotgani va e’lon qilayotganini eshitib, xursand bo‘ldim.

Men O‘zbekistonga safarim chog‘ida mehmondo‘st va mehnatsevar o‘zbek xalqi tozalik va tartibni qanchalik yaxshi ko‘rishiga shaxsan guvoh bo‘lgan edim. Ayni hol koronavirus tarqalishiga ishonchli to‘siq bo‘lishi shubhasiz. O‘zbeklar koronavirusni umumiy sa’y-harakatlar bilan daf qilish yo‘lida hukumati atrofida yanada jipsroq birlashishiga va pirovardida uni yengishiga ishonchim komil.

Ushbu sinovli kunlarda o‘zingiz va yaqinlaringizni ehtiyot qiling
», deyiladi doktor Marimutu Nadason maktubida.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)