Farg‘onada poyabzal sexida kuchli yong‘in sodir bo‘ldi

Kecha, 18 iyun kuni Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida joylashgan poyabzal ishlab chiqarish sexida yong‘in chiqdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, soat 15:36 da “112” tizimi orqali “Tuyagum” mahallasi, Oydin ko‘chasidagi xonadonlardan birida alanga ko‘tarilgani haqida chaqiriq kelib tushgan.
Voqea joyiga 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji tezkor ravishda yetib borgan. Yong‘in soat 16:00 da qurshab olinib, 16:20 da to‘liq o‘chirilgan.
Afsuski, yong‘in oqibatida xonadonning 120 kvadrat metr qismi, shuningdek, unga tutash poyabzal sexining 120 kvadrat metr maydoni va chinni buyumlar omborining 60 kvadrat metr qismi zarar ko‘rgan. Binolarning tom qismi, ichki jihozlar va mahsulotlar yonib ketgan.
Tezkor harakatlar tufayli taxminan 200 kvadrat metr maydon saqlab qolingan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Hozirda yong‘in sabablari hamda yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha tergov va tekshiruv ishlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…