
Menga MADDOHLIK haqida turli xil savollar kelib turadi. Keling, bugungi maqolamni shular asosida tuzsam. Nainki, TV da maddohlik shu qadar avj oldiki, buning eng ilg‘orlari ming afsuski – taniqli yozuvchilar, shoirlar, olimlar, san’atkorlar! Ular maddohlik daryosiga bo‘y-basti bilan sho‘ng‘idi. Ularni eshitib yoqangni ushlaysan kishi. Ularning aksariyati hatto sobiq sho‘rolar davrida yuksak lavozimlarga ko‘tarilgan, Islom Karimov davrida orden-medallar olishgan, katta lavozimlarga ega bo‘lishgan, tirikligida uni ko‘klarga ko‘tarib maqtashgani hali-hanuz esimizda. Endichi?!
Keling maddohlik psixologiyasini sekin-asta neyropsixologik nuqtai nazardan yoritishga harakat qilaman. Zora bu maqolamdan maddohlar o‘ziga xulosa chiqarib olishsa. Maqolamni avvallari va hozirda menga berilayotgan savollar asosida tuzaman. Demak, karantin sabab, o‘zim savol beruvchi jurnalist va o‘zim javob beruvchi mutaxassis.
Savol: Maddohlik o‘zi nima?
Javob: O‘z manfaatlarini ko‘zlab, o‘zidan katta lavozimda ishlaydigan insonni ko‘kka ko‘tarib maqtashga maddohlik deyiladi.
Savol: Maqtov bilan maddohlik orasida ne farq bor?
Javob: Maqtov tagida manfaat yo‘q. Maqtov ko‘z-ko‘z qilinmaydi. Maddohlik esa ko‘z-ko‘z qilinadi. Oddiy qilib aytganda, maddohlik – bu manfaat ko‘zlab qilingan maqtov. Maddohlik maqtovda ishlatiladigan so‘z va iboralardan iborat. Shu bois ham maddohni tanqid qilsang, u “Nima qipti maqtasam, axir maqtayapman-ku” deb o‘zini himoya qiladi. Shu bois ham maddohlarni dalil bilan ushlash qiyin. Maddohlikka jazo ham yo‘q, aksincha ularni ham doim unvon, orden va lavozimlar kutib turadi. Maddohlar buni yaxshi tushunadi.
Savol: Axir maqtov ham kerak-ku?! Maqtovsiz hayot – hayotmi?! Maqtov jamiyat rivojlanishiga turtki bo‘lmaydimi?
Javob: To‘g‘ri! Maqtov kerak! Biroq pastdagi xodim tepani emas, aksincha, tepadagi xodim pastdagisini maqtashi kerak. Ana shunda rivojlanish bo‘ladi. Agar yuqori lavozimdagi odam, o‘z xodimini barcha xodimlar orasida maqtasa – bu maqtov va ma’naviy rag‘bat! Agar jamoa oldida qaysidir xodim rahbarni maqtasa – bu Maddohlik! Bunday tashkilot qoloq bo‘lib boraveradi va oxir-oqibat tanazzulga yuz tutadi. Chunki malakali va tili achchiq xodim chetda qolib, maddoh xodim lavozimda ko‘tariladi. Rahbarni maqtash mumkin. Faqat tug‘ilgan kunida. Demak, bir yilda bir marotaba! Hammaning oldida 3 marotaba takrorlangan maqtovdan keyin o‘sha xodim Laganbardor laqabini oladi. Odamlar psixologiyasi shunday tuzilganki, hamma maddoh va laganbardorni yomon ko‘radi. Yaxshiyam shunday.
Savol: Maddohlikning turlari bormi?
Javob: Maddohlik turlari haqida men o‘qimaganman. Biroq neyropsixolog sifatida maddohlikni 3 darajaga ajratgan bo‘lur edim: 1). Oliy darajadagi maddohlik – Prezidentni madh qilish; 2) O‘rta darajadagi maddohlik – Vazir, Hokim va Rektorni maqtash; 3) Quyi darajadagi maddohlik – o‘zi ishlaydigan korxona rahbarini maqtash.
Savol: Maddohlikning qay biri Davlat va jamiyat uchun xavfli?
Javob: Hammasi xavfli? Quyi darajadagi maddohlik korxona rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Respublikada minglab turli xil korxonalar mavjud. Ko‘z oldingizga keltiring, har bir korxonada bitta maddoh bo‘lsa, ularning soni mingdan oshadi. Aynan o‘sha maddohlar nafaqat korxona rahbarining boshiga, balki o‘sib-ulg‘ayib kelayotgan yosh mutaxassislar boshiga ham yetadi. Maddoh laganbardor, yolg‘onchi va g‘iybatchi bo‘ladi, ular, odatda, yaxshi kasb egasi bo‘lishmaydi. Ana endi ko‘z oldingizga keltiring. Quyi bo‘g‘inda, ya’ni korxonalarda ishlaydigan maddohlar Respublika rivojiga qanday zarba beradi, yaxshi kadrlarni tepaga suzib chiqishiga yo‘l bermaydi, kerak bo‘lsa, ularni yo‘q qiladi. Maddoh uchiga chiqqan poraxo‘r ham bo‘ladi.
Bitta misol keltiraman: Bundan 5 yillar oldin Matiz taksiga o‘tirdim. Taksichi 30 yoshlar atrofida yosh yigit edi. Kamgap yigit ekan. Shifokorlar shaharchasiga bormoqchi edim. Yuridik institut yonidan o‘tayotganda, boshini o‘sha tomonga burib chuqur xo‘rsinib qo‘ydi. Men unga: “Shu yerda o‘qiganmisiz” dedim. U boshini irg‘ab “Ha” dedi. Men unga: “Yiqilganmisiz” dedim. U “Yo‘q” dedi. Boshqa hech narsa demadi. Men manzilda tushib qoldim. Oradan bir haftalar o‘tib yana taksiga o‘tirdim. Taqdirni taqazosini qarang-ki, o‘sha yigitni otasi bo‘lib chiqdi. U juda gapga chechan ekan. Uning o‘g‘li maktabni faqat a’lo baholar bilan tugatgan, o‘sha yuridik institutni va uning magistraturasini ham faqat a’lo baholar bilan tamomlagan va prokuraturaga ishga kirgan ekan.
O‘g‘li Agata Kristi asarlarini tinimsiz mutolaa qilarkan, uning asosida ishlangan badiiy filmlarni shaydosi ekan. Uning orzusi mashhur prokuror bo‘lish ekan. Biroq ishga kelgach laganbardorlik, maddohlik va poraxo‘rliklarni ko‘rib ishdan ketgan. Otasining gapiga qaraganda: Endigina ishga kelgan yosh xodimni eski xodimlar kompyuter oldiga o‘tqazib qo‘yib: “Mana bu ishni bunday qilib yoz, mana sanga 100 dollar, anavi ishni yopdi-yopdi qilish kerak, agar bitsa, sanga 300 dollar va h.k”. Halol oilada va izquvarlar haqidagi filmlarni ko‘rib katta bo‘lgan, vijdonli va o‘ta halol yigit kattalar tap tortmay qilayotgan ushbu mudhish ishlar yosh xodimga katta ruhiy zarba beradi.
U men bunday ishlar qilmayman, kerak emas, boshqa odamga topshiring degan kunidan boshlab, eski xodimlar hatto uning salomiga alik olmaydigan bo‘lishadi. U ishxonada yakkalanib qoladi. Oxir-oqibat ishdan ketadi. Shuncha yillik o‘qish nima bo‘ldi, bolangizning orzulari nima bo‘ldi, deb so‘radim. Men ham, onasi ham unga yolvordik, balkim o‘sha bo‘lim shunaqadir, desa ham o‘g‘li rozi bo‘lmapti. Prokuratura tizimidan butunlay ketaman, depti. Albatta, prokuraturada halol va pok insonlar bo‘lsa, kerak. Biroq bolamga ular bilan ishlash nasib qilmadi. Hali aytganimdek, hozir taksichilik qilib yuribdi. O‘shandan keyin bolam depressiyaga tushib qoldi, sira gapirmaydi, hayotga qiziqishi ham so‘ndi, deydi.
Savol: Oliy ta’limdagi maddohlik ham yomon oqibatlarga olib keladimi?
Javob: Albatta olib keladi. Oliy ta’limda 30 yildan buyon ishlayman. Maddohlikning kulgili manzaralarini ko‘p ko‘rdim. Oliy ta’limdagi maddohlik sal boshqacharoq tusda namoyon bo‘ladi. Unda Rektor shaxsiga hamdu-sanolar o‘qilmaydi, balki uning qilgan ishlari maqtaladi, masalan uning nutqi, chiqishlari, qabul qilgan qarorlari va h.k. Oliy ta’lim dargohlarida har oyda bir marotaba Katta Ilmiy kengash o‘tkaziladi. Deylik, Rektor institut rivojlanishi bilan bog‘liq nutq so‘zladi. Bu nutqning to‘g‘ri joylari ham bor, noto‘g‘ri joylari ham. Odatda, noto‘g‘ri joyi haqida indashmaydi va iloji boricha uning kamchiligini yashirib, maqtashga o‘tib ketishadi.
Shu yo‘l bilan Rektorga yoqishga harakat qilishadi. Mana bir misol. Ilmiy Kengash paytida bir kafedra mudiri rektorni nutqini rosa maqtadi. Ilmiy kengash tugab hamma tarqalishdi. Biz u bilan tashqarida uchrashib qoldik. Men unga “Aslida bu dokladning mana bunisi, mana bunisi noto‘g‘ri edi-ku, shularni ham gapirsang bo‘lardi-ku”, dedim. “Bilaman, do‘stim, bilaman, bu bilan biror narsa o‘zgarib qolarmidi” deb javob qaytardi. Bunday professorlar, albatta, Oliy ta’lim rivoji uchun xavflidir. Maddoh – bu yerga ko‘milgan mina! Vaqti kelib bu mina albatta portlaydi, biroq maddoh o‘lmaydi, boshqalar o‘ladi, obrazli qilib aytganda ko‘p malakali kadrlar o‘ladi. Maddohlik avj olgan institutda Rektor qilayotgan kamchiliklarni ko‘rsatgan professor o‘sha kuniyoq nafaqat begona shaxs, balki dushmanga aylanib qoladi.
Savol: Oliy darajadagi maddohlik Davlatni chuqur jarlik yoqasiga olib kelib qo‘yadimi?
Javob: Albatta olib kelib qo‘yadi. Hatto o‘sha jarlikka itarib yuboradi. 2016 yil noyabr-dekabr oylaridanoq ko‘p islohotlarni boshlab yuborgan Prezident, 2017 yili Buyuk Maddohlarni uyg‘otib yubordi. Avvalgi Prezidentni maqtagan shoirlar, yozuvchilar, olimlar endi Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni maqtashga bel bog‘lashdi. Buni sezgan Prezident “Meni maqtashni bas qilinglar, hali qiladigan ishlarimiz ko‘p, odamlar mendan rozi bo‘lsa bo‘lgani, shuning o‘zi mening uchun katta sharaf” dedi. Bu so‘zlarni u turli ko‘rinishlarda aytdi. Biroq Davlat rahbarining bu gaplari Buyuk Maddohlarga kor qilmadi (chunki maddohga qonuniy jazo yo‘q) va hali islohotlar tugamasdan turib, Prezidentimizga Nobel mukofoti berish kerak degan talablar paydo bo‘ldi.
Savol: Prezidentni asosan kimlar maqtaydi va nega maqtaydi?
Javob: Past lavozimdagi – yuksak lavozimga chiqish uchun, yuksak lavozimdagi – lavozimini saqlab qolish va orden-medallar olish uchun, barcha unvonu-lavozimlarni egallab yoshi bir joyga borib qolgan, ya’ni bir oyog‘i yerda-yu, bir oyog‘i go‘rdagi “Buyuklar” o‘lganidan keyin xiyobonda unga haykal qo‘yishlari uchun buyuk maddohlikka qo‘l urishadi. Yaxshiyam Prezident bunday maddohlarga e’tibor qilmayapti. Demak, avvalgi maddohlarni bir yumalab yangi maddohga aylanganini u juda yaxshi biladi.
Savol: Prezident nega ularni haydamayapti?
Javob: Bunisini men bilmadim. Masalan, Prezidentning o‘zi xorijdan olib kelgan g‘arbcha fikrlaydigan (Yuksalish harakatini eslang) yurtdoshlarimizga kun berishmadi. Bu harakat yo‘q bo‘lib qoldi. Ular O‘zbekiston iqtisodini ko‘tarishi mumkin edi. Oliy Hukumatdagilarga bunday yangicha fikrlaydiganlar kerak emas.
Savol: Hozirgi kunda Oliy maddohlik avj oldi. To‘g‘rimi!
Javob: Judayam avj oldi. TV kanallarida Prezidentni maqtash juda avj oldi. O‘sha maddohlar meni Prezident albatta eshitadi va bu maqtovlarni e’tiborga oladi, deb o‘ylashadi. Yaqinda Asadbek roli bilan har bir o‘zbekni qalbini madh etgan haqiqatan ham buyuk san’atkorimiz Yodgor Sa’diyev 40 daqiqalik ko‘rsatuvda tinimsiz Prezidentni madh qildi. Nega?! Men shunisini tushunmadim. Mikelo Plachido italiyaliklar qalbini qanday madh etgan bo‘lsa, Yodgor Sa’diyev ham o‘zbekistonliklar qalbini shunday zabt etgan.
Demak, Yodgor Sa’diyev allaqachon O‘zbekiston Qahramoniga aylanib bo‘lgan, bunday unvonni rasman olishga ne hojat?! Mendan xafa bo‘lmasinlar, chunki do‘st achitib gapiradi. Axir TV ni eshitib bo‘lgan odam, qo‘liga smartfonini olib “Bi-bi-si”, “Ozodlik” radiosi, Yuotube'ga qo‘yilayotgan ma’lumotlar orqali haqiqatni baribir eshitib oladi-ku! Unda obro‘yingiz nima bo‘ladi? Xalq nazaridan tushasiz-ku, axir!
Savol: Maddohlik nega kayfiyatni ko‘taradi? Miyada qaysidir gormonga ta’sir qiladimi, maddohlik?
Javob: Ha! Afsuski shunday! Chiroyli maqtov eshitgan odamning miyasida serotonin gormoni ko‘p ishlab chiqariladi. Serotonin – bu yuqori kayfiyat gormoni. Masalan, bosh miyaning ongli qismida 14 mlrd hujayra bo‘lsa, deyarli 10 mlrd. hujayra maqtovdan rohatlanadi va serotoninga o‘rganib qoladi. Endi faraz qiling! O‘sha odamni har kuni maqtayverishsa nima bo‘ladi? Javob: Har kuni serotonin gormoni ishlab chiqarilaveradi. Alal-oqibat tinimsiz maqtov eshitayotgan inson miyasi va butun organizm serotoninga o‘rganib qoladi. Har kuni serotonin gormoniga o‘rganib qolgan miya, yana va yana uni talab qilaveradi, agar serotonin tushmasa, u bezovtalanadi.
Savol: Tanqid – rivojlanish mevasi deyishadi. Biroq tanqid kayfiyatni ham tushiradiku? Odam tanqid qilinsa, organizmda qaysi gormon ishlab chiqariladi?
Javob: Adrenalin ishlab chiqariladi va o‘sha odamning kayfiyati tushadi. Biroq shunisi ham borki, agar tanqid o‘rinli bo‘lsa, tanqid eshitgan odam darrov o‘zini o‘nglab oladi, kamchiliklarini to‘g‘rilaydi va u yanada rivojlanib xalq nazariga tushadi. Tanqidlarga bardoshli va o‘zi ham kamchiliklarni beayov tanqid qiladigan odam baribir obro‘ga erishadi. Unga orden-medallar kerak emas, odamlar uni yaxshi ko‘rsa bo‘lgani. Albatta, rahbarlar ularni yomon ko‘radi, biroq ichidan havasi keladi.
Savol: Demokratiya va maddohlik! Bu qanday tandem?
Javob: Bunday tandem yo‘q! Maddohlik – demokratiya dushmani! Demokratik jamiyatda har besh yilda saylanadigan Prezidentga atab she’rlar yozilmaydi, qo‘shiqlar kuylanmaydi. Maddoh – Xalq Dushmani! Maddoh Prezident Dushmani! Maddohlar – Demokratik jamiyat dushmani. Mana kim ular – maddohlar?! Bilib qo‘ying.
Barchaga hurmat bilan
professor Zarifboy Ibodullayev,
22 aprel 2020 yil
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! professor Zarifboy Ibodullayev,
22 aprel 2020 yil
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing