Mobil akkumulyatorlar davri tugamoqda: Anker rahbari kutilmagan bayonot berdi

Mobil akkumulyatorlar davri tugamoqda: Anker rahbari kutilmagan bayonot berdi

Anker Innovation asoschisi va bosh direktori Yan Men mobil akkumulyatorlar bozori kelajakda butunlay yoʻq boʻlib ketishi mumkinligini maʻlum qildi. Top-menejer misol tariqasida MP3-pleyerlar, kassetali va CD-pleyerlar taqdirini keltirib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, isteʻmol elektronikasining aksariyat toifalari ommaviy tarqalishdan bozorni tark etguniga qadar taxminan oʻn yil yashaydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Anker uzoq vaqt davomida aynan mobil akkumulyatorlar bilan bogʻlangan boʻlsa-da, hozirda kompaniya ushbu yoʻnalishga kamroq bogʻlanib qolgan. 2025-yil yakunlariga koʻra, Anker tushumi 23,5 foizga oshib, qariyb 4,2 milliard dollarni tashkil etdi. Bunda quvvatlash qurilmalari va energiyani saqlash tizimlari daromadning yarmini keltirgan boʻlsa, anʻanaviy pauerbanklar endi asosiy daromad manbai hisoblanmaydi.

2026-yilning birinchi choragida kompaniya tushumi qariyb 1 milliard dollarga yetdi, biroq sof foyda biroz kamaygan. Avvalroq kompaniya vakillari mahsulot assortimentining haddan tashqari kengligi sifat nazoratiga salbiy taʻsir koʻrsatganini tan olgan edi. Maʻlumotlarga koʻra, faqatgina 2024-yilning oʻzida kompaniya liniyasida 100 ga yaqin turli xil pauerbank modellari mavjud boʻlgan.

Yan Menning fikricha, bozorning kelajagi smartfonlar va boshqa mobil qurilmalarning oʻzidagi akkumulyatorlar rivojlanishi bilan belgilanadi. Agar gadjetlarning avtonom ishlash vaqti oʻsishda davom etsa, alohida tashqi batareyalarga boʻlgan ehtiyoj keskin kamayib ketishi muqarrar.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar