Microsoft Hindistonning Alt Carbon startapi bilan shartnoma imzoladi

Microsoft Hindistonning Alt Carbon startapi bilan shartnoma imzoladi

Microsoft korporatsiyasi Hindistonning Alt Carbon startapi bilan uch yillik shartnoma imzoladi. Kelishuvga koʻra, texnologiya giganti qariyb 37 ming tonna uglerodni atmosferadan yoʻq qilish boʻyicha kreditlarni sotib oladi. Bu Microsoft kompaniyasining Osiyodagi togʻ jinslarining tabiiy yemirilishini tezlashtirish (enhanced rock weathering) texnologiyasiga asoslangan ilk yirik loyihasidir. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Alt Carbon 2029-yilga qadar Hindiston sharqidagi Darjeeling Revival loyihasi doirasida 36 920 metrik tonna karbonat angidridni utilizatsiya qilish majburiyatini oldi. Microsoft, shuningdek, startap belgilangan koʻrsatkichlarga erishsa, qoʻshimcha hajmdagi kreditlarni sotib olish huquqini ham saqlab qoldi. Bu kelishuv Microsoft kompaniyasining barqaror rivojlanish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash strategiyasining bir qismidir.

2023-yilda Bangalorda asos solingan Alt Carbon startapi maydalangan bazalt va boshqa silikat jinslarini qishloq xoʻjaligi yerlariga yoyish orqali karbonat angidridni bogʻlab oluvchi tabiiy kimyoviy reaksiyalarni tezlashtiradi. Hozirda kompaniya Gʻarbiy Bengaliyadagi 80 ming akr maydonda 35 mingdan ortiq fermerlar bilan hamkorlik qilmoqda.

Alt Carbon hammuassisi Sparsh Agarwalning soʻzlariga koʻra, Microsoft bilan muzokaralar bir yildan ortiq davom etgan va qatʼiy ilmiy tekshiruvlardan oʻtgan. Microsoft loyihadan maʼlumotlar almashinuvi va uglerod miqdorini aniqlash boʻyicha qatʼiy monitoring (MRV) choralarini talab qilgan. Bu sohada taklif koʻp boʻlsa-da, amalda tasdiqlangan va tijoriy miqyosda yetkazib beriladigan loyihalar kamligi sababli ushbu shartnoma bozor uchun muhim ahamiyatga ega.

Hozirgi kunda Alt Carbon togʻ jinslarini yemirish texnologiyasi orqali 10 mingga yaqin uglerod kreditlarini chiqargan boʻlib, bu sohadagi dunyodagi eng yirik koʻrsatkichdir. Yil yakuniga qadar startap yana 15 mingta kredit chiqarishni rejalashtirmoqda. Microsoft bilan tuzilgan shartnoma doirasidagi kreditlar Isometric reyestri orqali rasmiylashtiriladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar