“Ekologik” aldovga qarshi kurash: Rossiyada yangi onlayn servis ishga tushdi

Roskachestvo milliy kompetensiya markazi “grinvoshing” — mahsulotlarni soxta ravishda ekologik toza deb taqdim etish holatlariga qarshi kurashish uchun yangi onlayn vositani taqdim etdi. Endilikda isteʼmolchilar idora saytidagi maxsus shakl orqali nohalol marketing holatlari boʻyicha shikoyat yuborishlari mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Murojaat kelib tushgach, Roskachestvo mutaxassislari vaziyatni tartibga solish uchun savdo nuqtasi va ishlab chiqaruvchiga soʻrov yuboradi. Agar bu chora natija bermasa, ishga Rossiya Federal monopoliyaga qarshi xizmati (FAS) jalb qilinadi. Mazkur xizmat 2024-yilda bunday amaliyotlarga qarshi kurashish boʻyicha oʻz tavsiyalarini eʼlon qilgan edi.
Mahsulotning haqiqiy organik maqomini tekshirish uchun xaridorlarga uning Rossiya Qishloq xoʻjaligi vazirligi reyestriga kiritilganiga va sertifikati amal qilishiga ishonch hosil qilish tavsiya etiladi. Haqiqiylikni qadoqdagi davlat belgisi (yashil fondagi oq barg) va reyestrga yoʻnaltiruvchi maxsus QR-kod ham tasdiqlaydi.
Yangi servisning yaratilishiga oʻtkazilgan monitoring natijalari sabab boʻldi. Tekshiruv davomida 16 ta yirik savdo tarmogʻi va marketpleyslarda 450 dan ortiq “grinvoshing” belgilariga ega mahsulotlar aniqlangan. Ularning aksariyati ingliz tilidagi markirovka bilan sotilayotgan import tovarlardir. Eslatib oʻtamiz, 2025-yildan boshlab Rossiyada “organik”, “eko” va “bio” terminlarining teng huquqliligi toʻgʻrisidagi qonun kuchga kiradi.






























Izohlar 0
…