
Munisa Rizayeva — o‘zining chinakam sinov va tajribalarga boy hayot yo‘li bilan muxlislar e’tiborini tortgan san’atkorlardan biri. Yaqinda u shaxsiy hayoti, Londondagi yoshlik yillari va otasi bilan munosabatlari haqida samimiy suhbat uyushtirib, ko‘plab sirlarini oshkor qildi.
Kadrlarda Munisaning his-tuyg‘ularini, o‘tmish xotiralaridan to bugungi hayotga bo‘lgan minnatdorlik va shukronalikni yorqin ko‘rish mumkin. U o‘z so‘zlarida juda erka, hech narsadan kam bo‘lmagan qiz bo‘lganini aytadi. 17 yoshida otasining 150 000 funt sterlingini (bugungi hisobda 700 000 dollar) bir haftada sarflab yuborgan paytlarini tabassum bilan yodga oladi. Bunday ishdan so‘ng, otasi unga cheklovlar qo‘ygan, bu esa Munisani hayot haqiqatlarini va mehnat qiymatini anglashga undagan.
Hayotning kurashli bosqichlari Munisani Londonning qimmat restoranida ofitsiantlikka va idish yuvishga majbur qildi. Kechasi soat 24:00 gacha — ofitsiant, tun yarmidan tonggacha esa — oddiy idish yuvuvchi bo‘lib ishlagan. U o‘zini nafaqat mehnatga, balki hayotga ham qaytadan ko‘nikishga majbur qilganini ta’kidlaydi.

Munisa “Mandarin Oriental” mehmonxonasida oddiy xizmatchi bo‘lib ish boshlab, ikki yil ichida bosh menejer lavozimigacha ko‘tarildi. 2008 yilda Toshkentga qaytib, o‘z mehmonxonasiga asos soldi. Uning taqdiridagi yangi sahifa esa klipmeyker Yodgor Nosirov bilan tanishuvdan boshlandi. Munisa “Hijron” filmida bosh rol ijro etib, qisqa fursatda kino olami va musiqa san’atida mashhurlikka erishdi.
Munisa Rizayeva bugungi muvaffaqiyatlarining asosiy sababchisi sifatida otasining jazo va cheklovlarini, mehnatga undagan tarbiyasini alohida e’tirof etadi. "Otamning cheklovlari va talabchanligi bo‘lmaganida, bugungi Munisa Rizayeva bo‘lmasdim", — deydi u. Hozirdagi hayotidan mamnun, har kuni shukr qiladi va otasiga minnatdorlik bildiradi.

Bugungi kunda Munisa nafaqat ijodkor, balki oilaparvar ona sifatida ham muxlislarini ruhlantirib kelmoqda. Uning samimiy suhbatlari va hayotiy saboqlari ko‘plab yoshlarga ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar