
Turkiyaning dunyo bo‘ylab millionlab muxlislarga ega bo‘lgan mashhur seriali — «Qora muhabbat» (Kara Sevda) endi Rossiyada o‘z talqinini topadi. Vyacheslav Dusmuxametov va videoservis Okko tomonidan ishlab chiqarilayotgan yangi remeyk haqida rasman ma’lum qilindi, deb yozmoqda Peopletalk.
Mashhur serialni Rossiya kinosiga moslashtirish loyihasi nafaqat ushbu mamlakat kinosida, balki MDH davlatlarida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Axir, orginal «Qora muhabbat» seriali O‘zbekistonda ham sevib tomosha qilinadigan turk seriallari qatoriga kiradi.
Hikoya markazida ikki to‘liq qarama-qarshi dunyo vakillarining muhabbati turibdi — oddiy sartarosh o‘g‘li Kemal va boy biznesmenning qizi Nixon. Ular o‘rtasidagi muhabbat ayrim ijtimoiy va shaxsiy to‘siqlarga qaramasdan, qalblardagi tuyg‘ularni sinovdan o‘tkazadi.
Norm Production kompaniyasi vakillarining ta’kidlashicha, remeykda orginal asarga ehtirom saqlangan, dramaturgiya saqlanib qolgan va unga zamonaviy ruh baxsh etilgan.
Ruscha talqindagi bosh qahramonlar rollarini yosh va umidli aktyorlar ijro etadi:
Kemal — Fyodor Gamaleya,
Nixon — Viktoriya Serikova.
Rejissyorlik mas’uliyati Saxat Dursunovga berilgan,
Shouranner sifatida esa tajribali ssenarist Darya Shelyakina faoliyat yuritmoqda.
Yil boshidayoq Rossiyada «Qora muhabbat»ning ruscha versiyasi suratga olinishi haqida mish-mishlar tarqalgandi. Shu munosabat bilan Rossiya ommaviy axborot vositalari tomoshabinlar orasida so‘rovnoma ham tashkil qilgan: «Qora muhabbat» qahramonlarini rus versiyasida kim o‘ynashi kerak?
Bu kabi muvaffaqiyatli seriallarning mahalliylashtirilishi nafaqat yangi auditoriyani jalb etish, balki turli madaniyatlarning dramaturgiya orqali uyg‘unlashuvini ham anglatadi. O‘zbekistonda ham bu yangilik qiziqish bilan qarshi olinishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!