Bollivudning afsonaviy yulduzlari yillar o‘tib qanday o‘zgardi?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- «Hayotda nimadir bo'ladi» filmi aktyorlarining suratga olish paytidagi yoshlik qiyofasi va bugungi ko'rinishi aks etgan suratlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muxlislarni hayratga solmoqda.
- Filmda kichkina Anjali rolini ijro etgan Sana Said hozirda 38 yoshda bo'lib, aktrisa va model sifatida faoliyat yuritmoqda, yulduz sanagan Parzan Dastur esa 39 yoshda va salobatli erkak qiyofasiga kirgan.
1998 yilda ekran yuzini ko‘rib, butun dunyo, jumladan, o‘zbek tomoshabinlarining ham qalbidan chuqur joy olgan afsonaviy «Hayotda nimadir bo‘ladi» (Kuch Kuch Hota Hai) filmi namoyish etilganiga ham chorak asrdan oshdi. Filmdagi har bir qahramon, ularning xatti-harakatlari va musiqalari bir necha avlodning shirin bolalik xotiralariga aylanib ulgurgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur kult film aktyorlarining suratga olish paytidagi yoshlik qiyofasi va bugungi ko‘rinishi solishtirilgan nostalgik kadrlar tarqalib, millionlab muxlislarni hayratga solmoqda. Yillar ularning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirgan bo‘lsa-da, yaratgan obrazlari hamon millionlar yodida yashamoqda.
Bolalar ulg‘aydi: Kichkina Anjali va yulduzli bolakay
Filmda samimiyligi va beg‘uborligi bilan tomoshabin mehrini qozongan mitti qahramonlar bugun mutlaqo tanib bo‘lmas darajada ulg‘aygan:
Sana Said (kichkina Anjali): Filmda bosh qahramon Rahul va Tinaning qizalog‘i rolini mahorat bilan ijro etgan Sana Said bugun 38 yoshni qarshilagan. U go‘zal, zamonaviy aktrisa va model sifatida faoliyatini davom ettirmoqda;
Parzan Dastur (yulduz sanagan soqov bolakay): Lagerda kechalari samoga boqib yulduz sanaydigan va «Sen ketma...» deya barchani yig‘latgan shiringina sikx bolakay obrazini yaratgan Parzan Dastur hozirda 39 yoshda bo‘lib, salobatli erkak qiyofasiga kirgan.
Sevimli ustozlar va yorqin komedik obrazlar
Filmning kulgili va mehrli lahzalarini taqdim etgan katta avlod aktyorlari ham faxriy yoshga yetib keldi:
Himani Shivpuri (Rifat bibi): Qizlar yotoqxonasining mehribon va jonkuyar nazoratchisi rolini o‘ynagan taniqli aktrisa bugun 64 yoshda bo‘lib, hamon turli film va teleloyihalarda suratga tushib kelmoqda;
Anupam Kher (direktor Malhotra): Filmning eng kulgili va esda qolarli qahramonlaridan biri — maktab direktori janob Malhotra obrazini gavdalantirgan Hindistonning milliy artisti Anupam Kher hozirda 71 yoshda;
Jonni Lever (polkovnik Almeyda): Yozgi oromgoh boshlig‘i bo‘lgan sho‘x polkovnik rolini qoyillatgan komediya qiroli Jonni Lever 69 yoshni qarshiladi;
Farida Jalol (Rahulning onasi): Hind kinosining eng mehribon onasi va buvisi timsoliga aylangan mahoratli aktrisa Farida Jalol ayni paytda 77 yoshda bo‘lib, Bollivudning tirik afsonasi sanaladi.
Bosh yulduzlar: Sehrli uchlik bugun necha yoshda?
Filmning muhabbat uchburchagini yaratgan bosh qahramonlar bugun ham Bollivudning eng nufuzli va yuqori pog‘onadagi yulduzlari bo‘lib qolmoqda:
Rani Mukerji (Tina): Nafis va latofatli Tina obrazi bilan millionlar qalbini zabt etgan mashhur aktrisa bugun 48 yoshda bo‘lib, hamon o‘zining betakror jozibasini saqlab qolgan;
Kajol (katta Anjali): Filmda avval o‘g‘il boladek sho‘x, keyin esa nafis sari kiygan go‘zal ayolga aylangan bosh qahramon Kajol hozirda 52 yoshda va kino olamidagi faolligini susaytirmagan;
Shahruhxon (Rahul): Bollivudning tengsiz qiroli, muhabbat ramzi bo‘lgan Rahul rolini ijro etgan Shahruhxon bugun 61 yoshda! U hamon jahon kinematografiyasida rekordlarni yangilab, yoshlarga xos shijoat va ekstravagant uslubda porlab kelmoqda.
Vaqt o‘tishi bilan ekran qahramonlari ham, ularni tomosha qilib ulg‘aygan muxlislar ham ulg‘aydi, biroq «Hayotda nimadir bo‘ladi» filmi ulashgan beg‘ubor his-tuyg‘ular kino ixlosmandlari yuragida hamon o‘sha-o‘sha qadrli va e’zozdadir.































Izohlar 0
…