Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish va sohada samaradorlikni oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Muloqotda chiqindilarni yig‘ish, tashish va qayta ishlash tizimini yangilash zarurligi ta’kidlandi. Mamlakatda aholi turmush sifati va ekologik holatni yaxshilash maqsadida yangi yechimlar joriy etilishi ma’lum qilindi.
Mas’ullar ma’lumotiga ko‘ra, maishiy chiqindilarning qariyb to‘rtinchi qismi qog‘oz, plastik, rezina, shisha va to‘qimachilik qoldiqlaridan iborat. Ushbu xomashyo turlarini qayta ishlash orqali yiliga kamida 1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati borligi aytib o‘tildi. Bu yo‘nalishda xususiy sektor va xorijiy sarmoyadorlar ishtirokini kengaytirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, qurilish, kimyo, elektron qurilmalar va texnik moylar kabi qayta ishlanmaydigan chiqindilar bo‘yicha ham katta zaxira mavjudligi qayd etildi. Ularni qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish orqali ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy samaradorlikni oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
Chiqindilarni olib ketish xizmati aholini to‘liq qoniqtirishi lozimligi alohida qayd etildi. Shu maqsadda har bir mahallada chiqindi texnikasining kelishi va harakatini onlayn tarzda kuzatish imkoniyatini yaratish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali aholi vaqti tejalishi va xizmat sifati oshishi kutilayotgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, ijtimoiy muassasalar va mahallalarni zaruriy chiqindi konteynerlari bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi. Yoshlarda ekologik madaniyatni bolalar bog‘chasidan boshlab shakllantirish, o‘quv dasturlariga atrof-muhit muhofazasiga oid mavzularni kiritish zarurligi aytildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!