Toshkent kanalida Nil timsohi topildi

Toshkentdagi kanallardan birida kutilmaganda Nil timsohi aniqlandi. Sovuq suvda uzoq vaqt qolib ketgan jonivor og‘ir ahvolda Toshkent hayvonot bog‘iga olib kelindi. Bu haqda zoopark ma’muriyati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 15 noyabr kuni baliqchilardan biri shahar kanallaridan birida timsohni ko‘rib qolgan va bu haqda tegishli xizmatlarga xabar bergan. Shundan so‘ng Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda hayvonot bog‘i xodimlari jonivorni xavfsiz tarzda tutib, zooparkka yetkazgan.
Mutaxassislar tekshiruvi natijasida uning taxminan bir yoshgacha bo‘lgan Nil timsohi ekani aniqlangan. Hayvon kuchli sovqotgani sababli karantin bo‘limiga joylashtirilgan. Uning tiklanishi uchun maxsus suv havzasi tayyorlanib, suv harorati asta-sekin ko‘tarilgan va isitish chiroqlari o‘rnatilgan.
Zoopark mutaxassislarining aytishicha, zarur sharoitlar yaratilganidan keyin timsohning ahvoli biroz yaxshilangan. Hozirda uning holati o‘rtacha qoniqarli deb baholanmoqda. Biroq to‘liq tiklanishi uchun hali vaqt talab etiladi.
Mutaxassislar timsoh kanalga tasodifan tushib qolmagan bo‘lishi mumkinligini ham istisno etmayapti. U avval kimningdir xonadonida saqlangan, keyin esa boqish imkoni bo‘lmagani uchun suvga tashlab yuborilgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Ammo bu hozircha tasdiqlanmagan.
Hodisa joyi ham ko‘zdan kechirilgan va yaqin atrofda boshqa sudralib yuruvchilar topilmagan.
Hayvonot bog‘i ma’muriyati fuqarolarni bunday holatlarda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Agar tabiiy muhitiga xos bo‘lmagan joyda ekzotik hayvon uchrasa, uni mustaqil tutish yoki haydashga urinmasdan, tegishli xizmatlarga xabar berish tavsiya etildi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…