O‘zbekistonda kommunal to‘lovlar narxi oshishi kutilmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 2026-yil 1-noyabrdan boshlab O‘zbekistonda isitish va issiq suv tariflari o‘rtacha 30 foizga, maishiy ballonlardagi suyultirilgan gaz narxi esa 2,5 barobarga oshirilishi taklif etilmoqda.
- Gazlashtirilmagan hududlarda elektr energiyasining qishki bazaviy me’yori 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga ko‘tariladi, bu esa mazkur oraliqdagi tarifning 28 foizga pasayishiga olib keladi.
O‘zbekistonda 2026 yil 1 noyabrdan boshlab isitish va issiq suv tariflarini aholi uchun o‘rtacha 30 foizga oshirish taklif etilmoqda. Shuningdek, maishiy ballonlarda yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz narxini ko‘tarish, gazlashtirilmagan hududlarda esa elektr energiyasining qishki bazaviy me’yorini oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda hukumat tomonidan 13 oktyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihalarida so‘z boradi.
«Issiqlik ta’minoti sohasida bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasiga muvofiq, 1 noyabrdan respublika bo‘ylab aholi uchun markazlashgan isitish va issiq suv xizmatlari tariflarini o‘rtacha 30 foizga oshirish taklif qilinmoqda.
Loyihada 2026 yil 1 noyabrdan kuchga kirishi rejalashtirilgan markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmatlarining yangi tariflari ham nazarda tutilgan.
Suyultirilgan gaz narxi 2,5 baravar oshirilishi mumkin
Issiqlik ta’minoti bilan bir qatorda, maishiy ballonlarda yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz narxini ham oshirish rejalashtirilmoqda.
«Aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlashning bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasiga ko‘ra, suyultirilgan gazning bir kilogrammi uchun amaldagi 2 ming so‘mlik narxni 5 ming so‘mga yetkazish taklif etilmoqda.
Biroq ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga oyiga 20 kilogrammgacha suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3 ming so‘m kompensatsiya to‘lanishi ko‘zda tutilgan. Natijada belgilangan me’yor doirasida bunday oilalar uchun gazning bir kilogrammi amaldagi 2 ming so‘mlik narxda qoladi.
Ushbu kompensatsiyalarni moliyalashtirish uchun 158 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Gazlashtirilmagan hududlarda elektr me’yori oshiriladi
Tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan yoki gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan hududlarda istiqomat qiluvchi aholi uchun isitish mavsumida elektr energiyasining bazaviy me’yorini oshirish taklif etilmoqda.
Rejaga ko‘ra, 2026 yil 1 noyabrdan oylik bazaviy me’yor amaldagi 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga ko‘tariladi. Bunda 201–350 kVt·soat oralig‘idagi elektr energiyasi uchun amaldagi 900 so‘m o‘rniga 650 so‘mdan to‘lov hisoblanadi. Bu mazkur oraliqdagi elektr energiyasi tarifining qariyb 28 foizga pasayishini anglatadi.
Masalan, bir oyda 350 kVt·soat elektr energiyasi sarflaydigan xonadonning to‘lovi 265 ming so‘mdan 227,5 ming so‘mga tushadi. Natijada oila bir oyda 37,5 ming so‘m mablag‘ini tejab qolishi mumkin.
Elektr energiyasi iste’moli 250 kVt·soatni tashkil etganda tejam 12,5 ming so‘m, 300 kVt·soat bo‘lganda esa 25 ming so‘mga yetadi.
Yangi bazaviy me’yor gazlashtirilmagan abonentlarning qariyb 80 foizini qamrab olishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, isitish mavsumi davomida 1,5 milliondan ortiq xonadon jami qariyb 171 milliard so‘mni tejashi mumkin. Bir xonadon hisobiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha tejam esa oyiga 27,5 ming so‘m atrofida bo‘ladi.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida isitish mavsumi oktyabr oyidan fevral oyigacha davom etadi. Mamlakatning boshqa hududlarida esa isitish mavsumi noyabr-fevral oylarini qamrab oladi.
Gaz yetkazib berishdagi uzilishlar ham inobatga olinadi
Tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan bo‘lsa-da, ayrim davrlarda gaz yetib borishi qiyinlashadigan hududlarda yashovchi xonadonlar ham qo‘shimcha qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 2 dekabrdan 2026 yil 17 martgacha bo‘lgan davrda bunday xonadonlar soni ayrim kunlarda 5 mingtadan 607 mingtagacha o‘zgargan.
Shu sababli qishki mavsumda elektr energiyasidan foydalanish uchun belgilangan bazaviy me’yorni oshirish taklifi gazlashtirilmagan hududlar bilan birga, energiya ta’minotida muammolar kuzatiladigan sharoitlarni ham inobatga olish zarurati bilan bog‘liq.
Ehtiyojmand oilalarga bir million so‘mdan yordam beriladi
Energiya tariflarini isloh qilish jarayonida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ham ko‘zda tutilgan.
Rejaga muvofiq, 2026 yil noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik 1 million so‘mdan moliyaviy yordam ajratish mo‘ljallanmoqda. Shu bilan birga, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya olish mezonlari kengaytiriladi. Buning natijasida qo‘shimcha 166 ming oilani davlat ko‘magi bilan qamrab olish mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, bazaviy me’yordan yuqori energiya iste’moli uchun kompensatsiya to‘lash muddatini 2027 yil 1 apreldan 2028 yil 1 aprelgacha uzaytirish taklif qilinmoqda. Agar taklif ma’qullansa, 470 ming oila yana bir yil davomida davlat yordamidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mazkur maqsad uchun qo‘shimcha 150 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Uylarni energiya tejamkor qilish choralari ham ko‘riladi
Aholining energiya xarajatlarini uzoq muddatda kamaytirish uchun faqat tarif imtiyozlari bilan cheklanib qolmaslik, balki uy-joylarning energiya samaradorligini oshirish ham rejalashtirilgan.
Xususan, «og‘ir» toifadagi mahallalarda davlat ta’minotidagi oilalarning 3 mingta xonadonida energiya tejamkorlikka qaratilgan ishlar davom ettiriladi.
Bu jarayonda uylarni issiqlikni saqlovchi materiallar bilan qoplash, energiya tejamkor deraza va eshiklar o‘rnatish, quyosh panellari hamda geliokollektorlardan foydalanish nazarda tutilgan.
Ushbu chora-tadbirlar uylarda issiqlikni yaxshiroq saqlash, energiya sarfini kamaytirish va aholining kommunal to‘lovlarini uzoq muddatda qisqartirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu tariqa, qishki elektr energiyasi bazaviy me’yorini oshirish aholi uchun qisqa muddatli yengillik yaratishga qaratilgan bo‘lsa, uy-joylarni energiya samarador qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish kelgusidagi xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Qayd etish joizki, isitish va issiq suv tariflarini oshirish, suyultirilgan gaz narxini o‘zgartirish hamda elektr energiyasi bazaviy me’yorini ko‘tarishga oid takliflar hozircha qaror loyihalarida aks etgan. Ularning jamoatchilik muhokamasi 2026 yil 28 oktyabrga qadar davom etadi.






























Izohlar 0
…