Lactalis O‘zbekistondan ham Picot bolalar aralashmasini qaytarib olyapti

Fransiyaning yirik sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi Lactalis O‘zbekistonda ham sotilgan chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan sut mahsulotlarining ayrim partiyalarini qaytarib olmoqda. Qaytarib olish ishlari jami 18 ta mamlakatni qamrab olayotgani bildirilgan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, dorixona va supermarketlarda sotilgan Picot brendiga tegishli 6 ta partiya nazorat ostiga olingan. Xomashyo tarkibida bakterial kelib chiqishga ega sereulid toksini aniqlangani aytiladi. Ushbu modda bolalarda qusish va ich ketish kabi alomatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Qaror Fransiyadagi bolalar ovqatlanishi bo‘yicha professional uyushma ogohlantiruvidan so‘ng qabul qilingani qayd etildi. Xavf omega-6 ARA ingrediyenti bilan bog‘lanayotgani, u xalqaro yetkazib beruvchidan olingani ham qo‘shimcha qilindi. Mutaxassislar ota-onalarni qadoqdagi partiya raqamlarini sinchiklab tekshirishga, shubhali mahsulotni ishlatmaslikka va rasmiy izohlarni kuzatib borishga chaqirmoqda; zarur bo‘lsa shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!