Raqobat qo‘mitasi restoranlarni ogohlantirdi: Ramazonda “aksiya set”ni majburlash taqiqlandi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi umumiy ovqatlanish korxonalarini Ramazon oyida mijozlarni “aksiya setlar”ni olishga majburlamaslikka chaqirdi. Qo‘mita ayrim kafe va restoranlarda “kompleks to‘plam”ni majburiy taklif qilish, minimal narx qo‘yib, boshqa variantlarni cheklash holatlari uchrayotganini bildirdi.
Ta’kidlanishicha, bunday yondashuv mijozning erkin tanlov huquqini toraytiradi. Ya’ni odam “set” emas, aynan o‘zi xohlagan taomni buyurtma qilmoqchi bo‘lsa, bunga to‘siq qo‘yilmasligi kerak.
Qo‘mita eslatishicha, qonunchilikka ko‘ra iste’molchi tovar va xizmatlarni erkin tanlash, sifat talab qilish huquqiga ega. Shuningdek, sotuvchi yoki ijrochi iste’molchiga qo‘shimcha tovar yoki xizmatni zo‘rlab yuklay olmaydi — “faqat set bo‘ladi” degan gap aynan shu joyda muammo.
Yana bir muhim jihat: sog‘liq masalasi. Set tarkibida allergiya chaqirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar bo‘lsa-yu, mijozning holati inobatga olinmasa, bu yanada jiddiy xatarga aylanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!