Davlat mehnat inspeksiyasi “Ochiq budjet” bo‘yicha ogohlantirish berdi

Davlat mehnat inspeksiyasi “Ochiq budjet” jarayonlarida xodimlarni ovoz berishga yoki ovoz yig‘ishga majburlash mehnat qonunchiligiga zid ekanini eslatdi.
Ma’lum qilinishicha, ish beruvchi yoki mas’ul shaxs xodimlardan muayyan loyiha uchun ovoz berishni talab qilishi, ularni ovoz to‘plashga jalb etishi qonuniy hisoblanmaydi. Bunday holatga duch kelgan fuqarolar qisqa raqam orqali murojaat qilishi mumkin.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga ko‘ra, mehnatga ma’muriy tarzda majburlash uchun 50 BHMdan 100 BHMgacha jarima qo‘llanadi. Bu 20,6 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.
Agar “Tashabbusli budjet”da ishtirok etayotgan loyiha bo‘yicha xodimlar majburan ovoz berishga yoki ovoz yig‘ishga jalb qilingani aniqlansa, ushbu loyiha jarayondan chiqarib tashlanishi mumkin.
Bunday holatlarda mas’ul shaxslar ham qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.































Izohlar 0
…