Endi sigaret faqat karta orqali: yangi to‘lov qoidalari izohlandi

O‘zbekistonda 1-apreldan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yangi tartib kuchga kirdi. Endi ayrim tovar va xizmatlar uchun faqat naqd pulsiz — ya’ni bank kartalari orqali to‘lov qilish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi rahbariyati vakillari matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, jami 28 ming turdagi tovar va xizmatlar naqd pulsiz shaklda sotiladi. Shularning katta qismi — taxminan 22 ming turi — tamaki va alkogol mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, bu kabi mahsulotlarni xarid qilishda endilikda kartadan foydalanish majburiy hisoblanadi.
Bundan tashqari, 561 turdagi ko‘chmas mulk va transport vositalari, shuningdek 56 turdagi davlat xizmatlari uchun ham to‘lovlar faqat bank orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, narxi 25 million so‘mdan yuqori bo‘lgan 5 ming turdagi mahsulotlar ham naqd pulsiz tartibda sotiladi.
Do‘konda bu qanday ishlaydi?
Yangi tizim oddiy xarid jarayonida ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Masalan, xaridor do‘kondan oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga sigaret ham tanlasa, kassadagi naqd to‘lov imkoniyati sigaret uchun yopiq bo‘ladi. Bu esa, sigaretni faqat karta orqali sotib olish mumkinligini anglatadi.
Agar xaridor chekdan sigaretni chiqarsa, qolgan mahsulotlar uchun naqd pulda to‘lash imkoniyati yana faollashadi. Shu bilan birga, naqd pulsiz to‘lov usuli barcha tovarlar uchun doim ochiq bo‘lib qoladi.
Nima uchun bu tartib joriy etildi?
Mutaxassislar fikricha, bunday cheklovlar iqtisodiyotni “soyadan chiqarish” va soliq tushumlarini oshirishga xizmat qiladi. Ya’ni, barcha operatsiyalar rasmiy tarzda qayd etilib, moliyaviy shaffoflik kuchayadi.
Shuningdek, bu chora orqali ayrim tovarlar aylanmasi ustidan nazoratni kuchaytirish ham maqsad qilingan. Ayniqsa, tamaki va alkogol mahsulotlari bozorida tartib o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qaysi sohalarda majburiy bo‘ladi?
Yangi qoidalar nafaqat do‘konlarda, balki boshqa sohalarda ham amal qiladi. Xususan:
kommunal to‘lovlar
yoqilg‘i quyish shoxobchalari
elektromobil zaryadlash nuqtalari
Shuningdek, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan ayrim toifadagi avtomobillarni oldi-sotdisi ham faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!