O‘zbekiston oliy taʼlim tizimida yangi nizom tasdiqlandi

Adliya vazirligi tomonidan Oliy taʼlim sohasiga oid muhim idoralararo hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu hujjat asosida Oliy taʼlim to‘g‘risidagi yangi nizom rasman tasdiqlandi. Nizomda oliy taʼlim tizimini tashkil etish, taʼlim jarayoni, boshqaruv, moliyaviy munosabatlar hamda talabalar va pedagogik xodimlarning huquq va majburiyatlari aniq belgilandi.
Nizomga ko‘ra, oliy taʼlim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi. Bakalavriat taʼlimi kamida uch yil davom etishi lozim. Shuningdek, talabalar uchun kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy, dual va inklyuziv taʼlim shakllari belgilandi. Sirtqi taʼlim kamida bir yil, kechki taʼlim esa yarim yildan ortiq muddatni o‘z ichiga oladi.
Talabalarning mehnat bozori talablariga to‘liq mos kelishi uchun o‘quv dasturlari va malaka talablari ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Ular quyidagi huquqlarga ega: taʼlim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish, taʼlim jarayoniga oid muhokamalarda ishtirok etish, kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanish, xalqaro almashinuv va qo‘shma taʼlim dasturlarida qatnashish, oliy taʼlim tashkiloti rahbarligi qarorlari ustidan shikoyat qilish, mehnat qonunchiligiga muvofiq ishlash va kunduzgi taʼlim shaklida stipendiya olish.
Nizom talabalarni taʼlimga bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etishni taqiqlaydi hamda oliy taʼlim muassasalari ichki tartib-qoidalari va odob-axloq qoidalariga rioya qilishni talab qiladi. Shuningdek, taʼlim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, Yevropa kredit transfer tizimiga moslashtiriladi.
Oliy taʼlim muassasalariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilishi taʼlim sifati va muassasa rivoji uchun muhim qadam sifatida baholanmoqda. Bu o‘zgarishlar O‘zbekistonning oliy taʼlim tizimida yangi bosqichni ochishga xizmat qiladi va talabalar hamda pedagoglar uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!