2026-2027: 1-sinfga qabulda yangi elektron tizim!

O‘zbekistonda 2026-2027 o‘quv yili uchun umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul jarayonlari to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy ravishda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qabul ikki bosqichda amalga oshiriladi:
- 20 iyun – 31 iyul oralig‘ida mikrohudud doirasida;
- 1 avgust – 31 avgust oralig‘ida mikrohududdan tashqari onlayn tarzda arizalar qabul qilinadi.
Shu bilan birga, onlayn qabul amalga oshiriladigan tuman va shaharlar soni 64 dan 135 taga, maktablar soni esa 1956 dan 5689 taga ko‘paytirildi. Barcha arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) va my.maktab.uz orqali topshiriladi.
Yangi o‘quv yili uchun qabul yoshi an’anaga muvofiq 7 yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan, ya’ni 2026-2027 o‘quv yili uchun 2019 yil 31 dekabrgacha tug‘ilgan bolalar.
Onlayn tizim hali joriy qilinmagan hududlarda qabul oddiy tartibda maktablar tomonidan amalga oshiriladi. Qolaversa, qabul jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha ma’lumotlar maktablarda ochiq e’lon qilinadi.
Ma’lum qilinishicha, 12 nomdagi o‘quv qurollari bo‘lgan Prezident sovg‘alari joriy yilning 20 avgustiga qadar barcha maktablarga yetkaziladi.
Endi ota-onalar va bolalar uchun birinchi sinfga kirish jarayoni ancha osonlashadi, barchasi onlayn va qulay tizim orqali amalga oshiriladi.