
Ertaga 10 oktyabr kuni “Bunyodkor” stadionida azaliy raqiblar Oʻzbekiston va Eron toʻqnashadi. Jahon chempionati saralashining 3-bosqichidan oʻrin olgan uchrashuv ikki jamoa uchun ham ahamiyatli hisoblanadi.
Uchrashuvni avstraliyalik Shon Evans boshchiligidagi hakamlar boshqarib borishadi. 36 yoshli referi 2017 yildan buyon FIFA hakami hisoblanadi.
Ikki turdan soʻng ikki jamoa ham 6 ochko toʻplab guruhda peshqadamlikni saqlab turibdi. Oʻyin natijasi guruhda kim etakchi ekanini belgilab beradi.

Foto: Google Images
Dastlabki ikki uchrashuvda Eron Qirgʻiziston va BAA termalarini minimal 1:0 hisobida engdi va shu bilan bir qatorda oʻz darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Mezbonlar esa oʻz uyida Shimoliy Koreyani kichik (1:0) hisobida engdi, Qirgʻizistonda boʻlgan uchrashuvda esa 2:1 hisobida ortda qilayotgan Katanes shogirdlari yakunda 2:3 hisobida gʻalabani tortib oldi.
Bu jamoalar ushbu saralashning ikkinchi bosqichida ham oʻzaro duch kelgan. Oʻyinlarning ikkisi ham (2:2, 0:0) durang bilan yakunlangan.
Oʻzaro oʻyinlar natijasi:
Oʻzbekiston jamoasi Eron bilan 13 bor toʻqnash kelgan. Uchrashuvlarning 3 tasida durang qayd etilgan. 9 uchrashuvda Eron jamoasi gʻalaba qozongan. Oʻzbekiston esa 2012 yili “Ozodi” stadionida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Baqoevning goli evaziga Eronni magʻlubiyatga uchratgan. Oʻzbekiston hozirgacha oʻz uyida Eronni magʻlubiyatga uchrata olmagan.
Soʻnggi besh uchrashuv:
- Jahon chempionati saralashi. Eron — Oʻzbekiston 0:0;
- Jahon chempionati saralashi. Oʻzbekiston — Eron 2:2;
- CAFA-2023 musobaqasi. Oʻzbekiston — Eron 0:1;
- Oʻrtoqlik oʻyini. 2020 yil. Oʻzbekiston — Eron 1:2;
- Oʻrtoqlik oʻyini. 2018 yil. Oʻzbekiston — Eron 0:1.
Soʻnggi oʻyin natijalari
Oʻzbekiston milliy jamoasi oxirgi 5 uchrashuvning 4 tasida gʻalaba qozondi, yagona durang aynan Eron jamoasi bilan qayd etildi. Uchrashuvlarda 10 ta gol kiritdi va 3 bora oʻz darvozasidan toʻp olib chiqdi. Qiziqarlisi 3 golga ham qoʻshnilarimiz mualliflik qildi (Qirgʻiziston oʻzbekistonliklar darvozasiga 2 bor yoʻl topdi, Turkmaniston esa bir marta).
Eron jamoasi ham 5 uchrashuvda Oʻzbekiston natijasi bilan bir xil koʻrsatkich namoyish etdi. Oʻzbekiston bilan durang oʻynagan Eron uch raqibini minimal 1:0 hisobida engdi, Gongkong bilan uchrashuv 2:4 hisobida yakunlandi. Eron 5 oʻyinda raqiblar darvozasiga 7 bor yoʻl topdi va 2 bor raqiblarga gol urish imkonini berdi.
Yoʻqotishlar
Mezbonlar tarkibida Oston Oʻrunovning mazkur uchrashuvda qatnashishi soʻroq ostida qolmoqda. Eron chempionatida oʻynayotgan tajribali hujumchi mashgʻulotlarga qatnashayotganini inobatga olsak, uning uchrashuvda qatnashish imkoni ham bor. Qolgan legionerlar ham tarkibga qoʻshilgan. Dastlabki ikki oʻyinni jarohat sabab oʻtkazib yuborgan himoyachi Abduqodir Husanov ham optimal formada, oʻyinga tayyor.
Eng katta yoʻqotish bu — terma jamoaning bosh murabbiyi Srechko Katanes. U sogʻligidagi muammo sabab uchrashuvga jamoani tayyorlay olmadi. Toshkentdagi ikki uchrashuvda uning yordamchilari futbolchilarga koʻrsatmalar beradi. Ammo murabbiy yordamchilarining xabar berishicha, ertaga bosh murabbiy bilan aloqa oʻrnatiladi.
Eron jamoasi hujumkor tarkib bilan Toshkentga keldi. Ulardagi eng katta yoʻqotish himoya pozitsiyasida hisoblanadi. Eron terma jamoasi hamda “Persepolis” jamoasining tajribali himoyachisi Muhammad Huseyn jarohat sabab ushbu uchrashuvda maydonga tushmaydi. 30 yoshli himoyachi 2015 yildan beri jamoa himoyasida oʻynab keladi. 55 uchrashuvda maydonga tushgan futbolchi 6 bor raqiblar darvozasiga yoʻl topgan.

Foto: Getty Images
Eng qimmat oʻyinchilar

Foto: Transfermarkt
Eron jamoasining Italiyaning “Inter” klubida oʻynovchi hujumchisi mamlakatning eng qimmat oʻyinchisi hisoblanadi. Transfermarkt portali uni 10 million evroga baholagan. Ikkinchi oʻrinni Sardor Azmun egallab turibdi. “Shabab al-Ahli” jamoasining hujumchisi 8 million evro narxga ega. Uchinchi oʻrindagi Mehdi Gaedi 4 millionga baholangan.

Foto: Tranfermarkt
Oʻzbekiston tarkibidagi Abbosbek Fayzullaev Rossiyaning “SSKA” klubida toʻp suradi. Portal uning transfer qiymatini 6 million evroga baholagan. “Lans” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov 5 millionlik qiymatga ega. Jamoa toʻpurari va “Roma” klubi futbolchisi Eldor Shomurodov ham shunchaga baholangan.
Murabbiylar fikri
Oʻzbekiston jamoasi bosh murabbiyi betobligi sabab uning yordamchisi Radmanovich oʻz fikrlarini bildirdi.

Foto: “OʻFA”
“Ertaga Eron bilan oʻynaymiz. Ushbu jamoa bilan oʻyin doimo qiziq va qiyin boʻlgan. Sababi Eron Osiyodagi etakchi jamoalardan biri. Biz ular bilan koʻp bora toʻqnash kelganmiz va ular haqida koʻp narsa bilamiz. Afsuski, Katanes sogʻligidagi muammo sabab qatnasha olmayapti. Biz uning yoʻqligini bildirmaslikka harakat qilamiz.
Oʻyinga taktikani ertangi oʻyin oldidan mashgʻulotda futbolchilarning jismoniy va psixologik holatidan kelib chiqqan holda tanlaymiz. Hujumkor yoki himoyaviy oʻyin koʻrsatishimiz oʻshanda ma'lum boʻladi”, dedi murabbiy.

Foto: “OʻFA”
Eron murabbiyi Toshkentga gʻalaba uchun kelganini yashirib oʻtirmadi.
“Hozir bor e'tiborimiz Oʻzbekistonga qarshi bahsga qaratilgan. Shuni aytishim mumkinki, Eron — dunyodagi eng yaxshi va tinch mamlakatlardan biri.
Tashqi narsalarga chalgʻimay, bor e'tiborimizni futbolga qaratishimiz, tomoshabop oʻyin koʻrsatishimiz va Toshkentdan 3 ochko olib ketishimiz kerak. Himoyamizdagi yoʻqotishlar? Dastlabki ikki turda “quruq oʻyin” oʻtkazdik va ertaga ham bu seriyani davom ettirishga urinamiz”, dedi forslar bosh murabbiyi.
Oʻyin haqida
Mehmonlar uch ochko uchun oʻynaymiz deyishiga qaramay, ertaga ehtiyotkor oʻyin namoyish etishini taxmin qilish mumkin. Sababi Oʻzbekiston jamoasi oʻz uyida ancha ishonchli harakat qilmoqda. Bundan tashqari, asosiy himoyachining yoʻqligi bois jamoa hujumlarini himoyadan tashkillashtirishini, Oʻzbekistonning xatosini kutishini taxmin qilish mumkin.
Oʻzbekiston jamoasi markaziy himoyada Abduqodir Husanovning borligini inobatga olgan holda, Abbosbek Fayzullaev va Jaloliddin Masharipovning “reydlari”, yoki Husniddin Aliqulovning bosh bilan ishonchli oʻyini evaziga uchrashuvda gʻalaba qozonishi mumkin. Ushbu oʻyinda Oʻzbekiston ehtiyotkor, shu bilan birga tartibli va hujumkor oʻyini koʻrsatishini kutish mumkin.
Ma'lumot uchun, uchrashuv Toshkentda, “Bunyodkor” stadionida boʻlib oʻtadi. Oʻyin 19:00 da boshlanadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar