01:13 / 21.03.2025
23 741

11 metrdan gol urolmagan Shomurodov o‘yiniga Italiyadan qanday munosabat bo‘ldi?

11 metrdan gol urolmagan Shomurodov o‘yiniga Italiyadan qanday munosabat bo‘ldi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yili AQSH, Kanada hamda Meksika birgalikda mezbonlik qiladigan jahon chempionatiga chiqish uchun kurashmoqda.

Srechko Katanetsdan terma jamoani qabul qilib olgan Timur Kapadzening bosh murabbiy sifatidagi debyuti jahon chempionati mintaqaviy saralash turniri uchinchi bosqichining yettinchi turiga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi “Milliy” stadionida Qirg‘iz Respublikasi futbolchilarini qabul qilib, Hojiakbar Alijonovning yagona goli evaziga g‘alaba qozondi. Aslida hisob bundan yirik bo‘lishi mumkin edi. Biroq jamoa sardori Eldor Shomurodovning harakatlari besamar ketdi.

Roma” hujumchisining xalqaro miqyosidagi faoliyatini ham kuzatib borayotgan Italiya matbuoti o‘zbek legionerining terma jamoadagi o‘yiniga quyidagicha munosabat bildirdi.

LAROMA24.IT sayti:

Toshkentdagi “Milliy” stadioni 2026 yilgi jahon chempionati saralash turniring yettinchi turida Eldor Shomurodov sardorligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qirg‘iziston futbolchilari bilan to‘qnash keldi.

Uchrashuvda mezbonlar Alijonovning yagona goli evaziga g‘alaba qozondi.

Birinchi bo‘lim o‘rtalarida qirg‘izlar maydonda bir kishi kam bo‘lib qoldi. Hakam Said Datsiyevga qizil kartochka ko‘rsatib, raqib darvozasiga penalti belgiladi. Nuqtaga Eldor Shomurodov yaqinlashdi. Uning zarbasini darvozabon qaytardi.

“Roma” markaziy hujumchisi omadsizlikka qaramay to‘liq o‘ynadi.

VOCEGIALLOROSSA.IT sayti:

2026 yilgi jahon chempionatiga Osiyo mintaqasidan qatnashish huquqi uchun o‘tkazilayotgan saralash turnirining navbatdagi uchrashuvi O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasida bo‘ldi.

Rim klubi vakili Eldor Shomurodov maydonda 90 daqiqa harakat qildi. Lekin tajribali hujumchi 26-daqiqada penaltidan foydalana olmadi.

Bu g‘alabadan keyin O‘zbekiston ochkolari sonini 16 taga yetkazib, o‘z guruhida Erondan keyin ikkinchi o‘rinda bormoqda.

SIAMOLAROMA.IT sayti:

“Roma”da muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan Eldor Shomurodov o‘z mamlakati terma jamoasidan chaqiruv olgan edi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi jahon chempionati saralash uchrashuvi o‘zbeklarning kichik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Rim klubi hujumchisi bellashuvning asosiy qahramonlaridan bo‘ldi. Biroq u 26-daqiqada 11 metrdan gol ura olmadi. O‘zbeklarning baxtiga Eldorning xatosi terma jamoa uchun qimmatga tushgani yo‘q.

Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodov penaltini aniq bajara olmagan bo‘lsa-da, o‘yinning ikkinchi yarmida baribir raqib darvozasini ishg‘ol qilgandi. Biroq golli hujumda ishtirok etgan Abbosbek Fayzullayev o‘yindan tashqari holatga tushgani uchun Eldor kiritgan to‘p inobatga olinmadi.

Endi O‘zbekiston milliy terma jamoasi vakillari navbatdagi uchrashuvni 25 mart kuni guruhdagi eng kuchli raqib – Eron futbolchilariga qarshi o‘tkazadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 11 metrdan gol urolmagan Shomurodov o‘yiniga Italiyadan qanday munosabat bo‘ldi?