
O‘zbekiston milliy jamoasi yetakchilari qirg‘izistonliklar o‘yinning bir soatdan ortiq vaqti davomida ozchilik bo‘lib o‘ynaganini sezmagan. Ayrimlar buni tabiiy qabul qilmoqda, boshqalar futbolchining so‘zlariga ishonmayapti, yana kimdir futbolchilarni holatga jiddiy yondashmaslikda ayblamoqda.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov JCH-2026 saralashi doirasida Qirg‘izistonga qarshi kechgan o‘yinning 24-daqiqasida raqib himoyachisi Said Datsiyevga ko‘rsatilgan qizil kartochkani ko‘rmay qolgan. U bu haqda 90minutUz podkastida aytib o‘tgan.
Futbolchi o‘yin davomida hujumchilar qarshisida ikki raqib paydo bo‘lgani va bu muammo tug‘dirgani haqida gapirgan. Boshlovchi Qirg‘izistonning qizil kartochkasi O‘zbekistonning zarariga ishlagani, shundan keyin raqib chuqur himoyaga yotib olgani haqida gapirganida futbolchi bunga qo‘shimcha qilib, shunday degan:
«Bitta narsani aytaman, 86-daqiqada zaxiraga olinganimdan keyin o‘tirsam, Hojimat Erkinov aytib qoldi, «aka, yaxshiyam ular qizil oldi» deb. Men hayron qoldim «kim qizil oldi?» deb To‘g‘risi, bilmadim ham, ko‘rmadim ham, o‘sha paytda tepaman deb yotib qolganimda ko‘rmay qolgan ekanman.
O‘yindan keyin dushda turganimizda Eldorga aytdim, «ular o‘yinda qizil olgan ekan» desam, u ham hayron qoldi, «kim qizil oldi, qachon qizil olibdi?» deb. Biz o‘n birga o‘n bir o‘ynadik deb o‘ylagandik. Men ham bilmagan ekanmiz».
Shu vaqtda boshlovchilardan biri tanaffus vaqtida bosh murabbiy qizil kartochkadan kelib chiqqan holda taktikani o‘zgartirmadimi deb savol qo‘ygan.
«Qizil haqida gap bo‘lmadi, Temur aka nimalarnidir aytdi, lekin qizil bo‘lganini hech kim aytmadi. Men zaxiraga olinganimdan keyin bildim, Eldor o‘yin tugaguncha bilmagan ekan, o‘yindan keyin, dushda bildi.
Agar o‘yin vaqtida bilganimizda bo‘shashardik. Agar bilganimda Temur akaga bir himoyachini olib tashlab, hujumchi tashlashni aytardim», degan futbolchi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatuvning shu qismi videosi tarqalib, keng muhokama qilinmoqda. O‘yinni tribunalarda o‘tirib jonli kuzatgan ko‘plab muxlislar ham qizil kartochka ko‘rsatilganini keyinroq bilishgani, o‘zbekistonlik futbolchilar o‘sha vaziyatda penalti bilan chalg‘ib, qizil kartochkani e’tiborsiz qoldirishgani, hakam qizil kartochkani VAR tekshiruvidan keyin ko‘rsatgani ham bunga sabab bo‘lganini aytishmoqda.
Shu bilan birga, hech bo‘lmaganda kiyim almashtirish xonasida bu haqda gaplashilmaganiga, murabbiy bu haqda aytmaganiga ishonmasdan, zaharxanda qilayotganlar ham bor.
Shuningdek, ayrimlar futbolchilarni e’tiborsizlik uchun ayblagan.
Jurnalist Qahramon Aslanov o‘z postida bunday vaziyat yuzaga kelganidan qattiq ajablanganini bildirgan:
«Jaloliddin Masharipovning Qirg‘iziston bilan o‘yinda o‘zi va boshqa ba’zi futbolchilar raqib bir futbolchi kam bo‘lib qolganini o‘yin tugaguncha bilmagani meni hayron qoldirdi. Zero, zamonaviy futbolda to‘g‘ri harakatlanish orqali muhim zonalarda son jihatdan ustunlikka erishish katta ahamiyatga ega, hatto eng muhimi deyish mumkin. Jalolning o‘zi ham hujumda aynan son yetishmagani, u va Eldorning oldida doim raqibning 2-3 nafar futbolchisi bo‘lgani qiyinchilik tug‘dirganini tan oldi.
Unda nega tanaffusda raqibning bir futbolchi kam ekani asosiy mavzu bo‘lmadi? Ha, Temur raqibning qizil kartochkasini shundog‘am hamma biladi, degan fikrda «bolalar biz bir kishi ko‘pmiz» deb ta’kidlashni lozim topmagan bo‘lishi ehtimoli haqiqatga yaqin, ammo ko‘rsatmalar chog‘ida bu urg‘u beriladigan va reja uchun asos bo‘luvchi eng muhim detal emasmi? Biz ikkinchi bo‘limga rejasiz chiqdikmi yoki Masharipov va Shomurodov tanaffus paytida murabbiy ko‘rsatmalarini u qadar diqqat bilan tinglamaganmi?
Har qanaqa tushunsak ham, bu yaxshi emas, menimcha». “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar