
CAFA Nations Cup 2025 musobaqasi 29 avgustdan 8 sentyabrga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Biroq ushbu bellashuvlar boshlanishidan avvaloq turnir tarkibida o‘zgarish yuz berdi — Malayziya terma jamoasi musobaqada ishtirok etmasligini ma’lum qildi.
Malayziya termasi bosh murabbiyi Piter Chklamovskining so‘zlariga qaraganda, jamoaning asosiy futbolchilari Ispaniya, Argentina, Yaponiya va Kolumbiya kabi yirik ligalarda to‘p surishadi. Shu bois, ularni FIFA kunlari boshlanishidan avval Tojikistonga yetkazish logistika va jismoniy tiklanish nuqtayi nazaridan juda murakkab jarayonga aylanadi.
— Musobaqa FIFA rasmiy sanalaridan oldin tashkil etilayotgani sababli, tarkibni to‘liq shakllantirish imkonsiz. Bu, o‘z navbatida, tayyorgarlikka, tiklanishga va budjetimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, biz sentyabrda Kuala-Lumpurda yig‘in o‘tkazib, kelgusi oylardagi hal qiluvchi o‘yinlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz, — dedi Chklamovski.
Eslatib o‘tamiz, qur’a natijalariga ko‘ra Malayziya "B" guruhidan joy olgan va Eron, Tojikiston hamda Afg‘onistonga qarshi maydonga tushishi kerak edi. Ushbu guruh uchrashuvlari Tojikistonda o‘tkazilishi belgilangan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston milliy terma jamoasi "A" guruhidan o‘rin olgan. Mazkur guruh bahslari Toshkentda bo‘lib o‘tadi. "Oq bo‘rilar" Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘mon termalariga qarshi kurash olib borishadi.
Malayziyaning musobaqadan chiqib ketishi "B" guruhdagi bahslarga ta’sir ko‘rsatishi, jadval va taqvimda o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. CAFA rasmiylari esa yaqin kunlarda bu borada rasmiy bayonot berishlari kutilmoqda.
Turnir oldidan yuz bergan bu yangilik muxlislar va tahlilchilar uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Ammo shubha yo‘qki, qolgan termalar musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha kuchini safarbar etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar