Kelinini o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazgan qaynona besh yilga qamaldi

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida kelinini muntazam kaltaklab, haqoratlagan, yaqinlari bilan muloqotini cheklagan va uni o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazgan qaynona 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda «Daryo» nashri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 1976 yilda tug‘ilgan G.Ch. 2023 yil kuzida o‘g‘li X.M.ni Ye.A.ga uylantirgan. Shundan so‘ng ular bir xonadonda yashay boshlagan. Oila daromadlari va mol-mulkini boshqarib kelgan ayol keliniga ham o‘z talablarini o‘tkazib, uni haqoratlash, kaltaklash va huquqlarini cheklashni boshlagan.
2024 yil oktyabr–dekabr oylarida qaynona kelini o‘ziga tegishli bir juft tilla zirakni boshqa shaxsga berib yuborganini bilib, uning ota-onasini chaqirtirgan va bu masalani muhokama qilgan. Shundan keyin kelinini o‘ziga bo‘ysundirish maqsadida unga muntazam ruhiy bosim o‘tkazib, sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqoratlagan.
Bundan tashqari, G.Ch. maktabda farrosh bo‘lib ishlagan davrida kelinini o‘z o‘rniga ishga chiqargan. Unga chiqindilarni tozalash, pol artish, suv tashish va sepish kabi yumushlarni bajartirgan. Shuningdek, keliniga o‘g‘liga munosib emasligini aytib, gapiga kirmasa, ota-onasining uyiga haydash va o‘g‘lini boshqaga uylantirish bilan qo‘rqitgan.
Qaynona kelinining telefonini ham olib qo‘ygan. Natijada Ye.A. ota-onasi va yaqinlari bilan boshqalarning telefoni orqali gaplashishga majbur bo‘lgan. G.Ch. esa suhbatlar vaqtida uning yonida turib, muloqotini nazorat qilgan.
2025 yil 30 may kuni Ye.A. xonasida dars tayyorlab, uxlab qolgan. Buni ko‘rgan qaynonasi «Dam olging kelsa, otangning uyiga borib, dam olib kel», deb janjal ko‘targan va uni uydan haydagan.
Keyin o‘g‘li bilan suhbatda G.Ch. kelinining soat 7:30 gacha uxlashidan norozi ekanini bildirgan.
«Aytganimni qilmaydigan kelin kerak emas, bor yo‘qol, dedim», — degan u.
Shuningdek, o‘g‘liga xotini qo‘ng‘iroq qilsa, onasini ayblamaslikni, uyquga to‘ymasa, otasining uyida qolishini aytishni va telefonni o‘chirib qo‘yishni buyurgan.
Keyinchalik Ye.A. turmush o‘rtog‘ining xonadoniga qaytgan. 10 iyun kuni u ehtiyotsizlik qilib mikserni sindirib qo‘ygan. Buni eshitgan qaynona kelinini haqoratlab, mikser va avval singan shisha idish o‘rniga ota-onasi yangisini olib kelishini talab qilgan.
Ye.A.ning ukasi buyumlarni olib kelganidan keyin ham janjallar to‘xtamagan. Qaynona turli bahonalar bilan kelinini urib-tepgan. O‘sha kuni Ye.A. o‘z joniga qasd qilishga uringan.
Ertasi kuni Ye.A. hovlida bir yoshga to‘lmagan o‘g‘lini yuvintirayotganida qaynonasi «Supaga gilam to‘sha desam, to‘shamading», deb yana janjal boshlagan. G.Ch. voyaga yetmagan qizi bilan birga kelinini urgan, nabirasiga qarab qolib, Ye.A.ni tashqariga sudrab chiqargan. Kelini «Otamning uyiga bormayman», deyishiga qaramay, uni uydan haydagan.
Shundan so‘ng Ye.A. mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qilib, qaynonasi bilan kelisha olmayotganini bildirgan. U ota-onasinikida vaqtincha yashash uchun kiyimlarini mahalla xodimlari hamrohligida olib ketishga yordam so‘ragan. Murojaat yuzasidan dalolatnoma tuzilgan.
X.M. Toshkentdan ishdan qaytib, xotinini uyga olib kelmoqchi bo‘lganida, onasi bunga qarshilik ko‘rsatib, ajrashishni talab qilgan. Biroq o‘g‘li turmush o‘rtog‘ini qaytarib olib kelgan. G.Ch. darvozadan kirayotgan kelinini yana haydab, nabirasi o‘zining qaramog‘ida qolishini aytgan. Ye.A. kechirim so‘raganida esa uning otasini chaqirtirib, masalani muhokama qilgan.
2025 yil 28 iyul kuni G.Ch. kelini bilan yana janjallashib, uning o‘ng ko‘ziga urgan, farzandini olib qo‘ygan va kaltaklagan. O‘sha kuni Ye.A. o‘z joniga qasd qilish oqibatida vafot etgan. Sud qaynonaning muntazam tazyiqlari kelinini o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazgan, degan xulosaga kelgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudining 2026 yil 16 fevraldagi hukmi bilan G.Ch. Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari bo‘yicha aybli deb topilgan. Kodeksning 57-moddasi qo‘llanib, unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ayol sud zalida qamoqqa olingan.
Mahkumaning himoyachisi hukm ustidan apellyatsiya shikoyati bergan. Biroq 2026 yil aprel oyida apellyatsiya instansiyasi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan. Oktyabr oyida kiritilgan taftish shikoyati ham Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan rad etilgan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…