"Navbahor" klubi rasman bosh murabbiy Sergey Lushchan bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qildi. Bu qaror jamoa rahbariyati tomonidan qabul qilinganini klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Sergey Lushchan o‘tgan mavsumning ikkinchi davrasida "lochinlar"ni boshqarish vazifasiga tayinlangan edi. Uning qo‘l ostida jamoa Superligada 35 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Bu bahslarda 16 marotaba g‘alaba qozonilib, 9 bor durang qayd etildi va 10 marta mag‘lubiyatga uchraldi. Shuningdek, O‘zbekiston Kubogi doirasida 8 ta o‘yin o‘tkazilib, ularning 5 tasida zafar qozonildi. Bu g‘alabalardan ikkitasi penaltilar seriyasi orqali erishilgan. Qolgan bahslar bir durang va ikki mag‘lubiyat bilan yakunlangan.
Avvalroq matbuotda Sergey Lushchanning bosh murabbiylik lavozimini tark etgani haqida xabar tarqalgan edi. Shuningdek, jamoani vaqtincha "Navbahor" U-21 jamoasi ustozi Sherzod Jo‘rayev boshqarib turishi ma’lum qilingan.
"Navbahor"ning bu qaroridan so‘ng, jamoa oldidagi vazifalarni qay tarzda bajarishi va yangi bosh murabbiy kim bo‘lishi haqida savollar muxlislar orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!