O‘zbekiston Kubogi yarim finalida «Buxoro» jamoasi «So‘g‘diyona»ni 3:2 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor finalga yo‘llanma oldi. Uchrashuvdan keyin jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin va qo‘lga kiritilgan g‘alaba haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Kelinglar, savollarni qisqa qilib olamiz, chunki bugun bayram. Bu g‘alaba birinchi navbatda futbolchilarniki. Men jamoaga yaqinda qo‘shildim, ammo «Buxoro» finalgacha katta yo‘l bosib o‘tdi – guruh bosqichidan chiqdi, chorak finalda g‘alaba qozondi va endi yarim finalda ham bor kuchini ko‘rsatdi. Har bir o‘yinchiga rahmat aytaman, chunki bu yutish barchamizniki. Kubok finalida ikkinchi bor ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lganim uchun juda ham baxtliman. Qiyin kechgan bahsda qo‘shimcha taymlar o‘tkazdik, ammo hech qachon taslim bo‘lmadik», – dedi Xomyakov.
Murabbiyning ta’kidlashicha, jamoa zaxirasidan maydonga tushgan yosh futbolchi Nodirbek Ahmadjonov kiritgan g‘alaba goli butun jamoaning mehnati natijasi hisoblanadi.
«Men uchun asosiy tarkibda o‘ynagan yoki zaxiradan tushgan futbolchining farqi yo‘q. Har biri jamoaga o‘z hissasini qo‘shdi. Nodirjon ham uchrashuvga tezda moslashib ketdi va o‘zini ishonch bilan ko‘rsatdi. U kiritgan gol nafaqat chiroyli, balki jamoani finalga olib chiqqan muhim gol bo‘ldi. Bugun g‘alabada har bir futbolchining hissasi bor. Endi esa barchamiz yakdil holda bu muvaffaqiyatni nishonlaymiz», – deya qo‘shimcha qildi bosh murabbiy.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!