O‘zbekiston Kubogi yarim finalida «Paxtakor» dramatik tarzda «Dinamo» ustidan g‘alaba qozondi va finalga yo‘l oldi. Uchrashuvdan keyin bosh murabbiy Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin, jamoa holati hamda oldinda turgan final haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Bugun yaxshi jamoaga qarshi o‘ynadik. Birinchi bo‘limda biroz qiynaldik, o‘yinimiz chiqmadi. Ikkinchi taymda esa o‘zimizga keldik, faol harakat qildik va vaziyatlar yaratdik. «Dinamo» ham o‘z imkoniyatlariga ega bo‘ldi, umumiy hisobda teng bahs kechdi. Bugun maydonda ikkita kuchli jamoa kurash olib bordi», – dedi murabbiy.
Uning ta’kidlashicha, asosiy vaqtda hisob ochish niyati bo‘lgan, ammo ish penaltilargacha borib yetdi: «Hamma futbolchini jismoniy holatiga qarab maydonga tushirdik. Raqib ham bekorga yuqori o‘rinlarda emas. Albatta, asosiy vaqtda masalani hal qilmoqchi edik, ammo omad biz tomonda bo‘lib, penaltilar seriyasida g‘alaba qozondik».
Kamoliddin Tojiyev hujumdagi qiyinchiliklarga ham to‘xtalib o‘tdi: «So‘nggi ikki uchrashuvda gol ura olmayapmiz, to‘g‘ri. «Sho‘rtan»ga qarshi bahsda raqib 10 kishi bo‘lib himoyalandi, buni yorib o‘tish oson emas edi. Bugun esa vaziyatlar yaratdik, ammo omad yetishmadi. Futbolda bunday holatlar bo‘lib turadi».
Murabbiy Kubokni yutish zarurligini qat’iy ta’kidladi: «Finalda favorit yo‘q. Biz sovrinni qo‘lga kiritishimiz kerak. OCHL-2da ishtirok etish ham muhim maqsadlardan biri, shuning uchun Kubok g‘alabasi biz uchun katta ahamiyat kasb etadi».
Penaltilar seriyasiga tayyorgarlik bo‘yicha savolga esa shunday javob berdi: «Maxsus tayyorgarlik o‘tkazmadik, ammo darvozabonlar raqibning penalti zarbalarini oldindan o‘rganib chiqishdi. Natijada posbonimiz ikki marta seyv qildi va g‘alabada katta hissa qo‘shdi».
Shuningdek, u «Jar» stadionining ahvoli haqida ham fikr bildirdi: «Maydonga qarashayotganlarga rahmat. Stadion katta yuklama olyapti, deyarli dam olmayapti. Shuning uchun futbolchilar ba’zi holatlarda sirpanishi mumkin. Lekin baribir maydon yomon emas, mehnat qilayotgan insonlardan minnatdorman».
Oxirida murabbiy jamoada charchoq alomatlari borligini tan oldi: «Termadagi futbolchilar har 3-4 kunda maydonga tushmoqda, bu tabiiy ravishda toliqishga olib keladi. Birinchi bo‘limda bu sezildi, ikkinchi bo‘lim va qo‘shimcha vaqtlarda esa o‘z o‘yinimizni topdik».
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!