date

Moliyaviy inqiroz: Shomurodovning sobiq jamoasi yopilish ostonasida

Moliyaviy inqiroz: Shomurodovning sobiq jamoasi yopilish ostonasida

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov faoliyatida muhim o‘rin tutgan "Rostov" klubi yaqin kelajakda o‘z faoliyatini to‘xtatishi mumkin. Bu haqda ishonchli manbalarga tayanib, mashhur insayder Ivan Karpov xabar tarqatdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, klubda Rossiya Premer-ligasi mavsumining ikkinchi qismi oldidan qishki yig‘inlarni tashkil etish uchun ham yetarli moliyaviy imkoniyat qolmagan. Aytilishicha, “Rostov”ning joriy qarzdorligi 4–5 milliard rublgacha yetib borgan. Eng xavotirli jihat — futbolchilar bir necha oydan beri maosh olmayapti: ayrim o‘yinchilar oktyabrdan, boshqalari esa hatto sentyabr oyidan buyon oyliklarsiz qolgan.

Mutaxassislar fikricha, hatto klub qandaydir yo‘l bilan joriy mavsumni oxirigacha yetkazib olsa ham, kelasi — 2026/27 yilgi mavsumda ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan RFS-1 litsenziyasini qo‘lga kiritish imkoniyati juda past. Bu esa jamoaning kelajagi mutlaqo mavhum ekanini ko‘rsatadi.

Qishki tanaffus oldidan Rossiya Premer-ligasi turnir jadvalida “Rostov” 21 ochko bilan 11-o‘rinni egallab turibdi. Sport natijalari yomon emasdek ko‘rinsa-da, moliyaviy muammolar klubni jiddiy inqiroz sari yetaklayapti.

Ma’lumot o‘rnida, Eldor Shomurodov 2020 yilda aynan “Rostov”dan Italiyaning "Jenoa" jamoasiga 9,5 million yevro evaziga ko‘chib o‘tgan edi. O‘sha transfer klub tarixidagi eng yirik kelishuvlardan biri sifatida qayd etilgan.

Ayni paytda esa “Rostov” atrofidagi vaziyat nafaqat muxlislarni, balki butun Rossiya futboli jamoatchiligini ham jiddiy o‘ylantirmoqda. Klub taqdiri yaqin oylarda hal bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Moliyaviy inqiroz: Shomurodovning sobiq jamoasi yopilish ostonasida